Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Hududlarda parlament quyi palatasi deputatlari va Ombudsman mintaqaviy vakillari hamkorligida fuqarolar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazilmoqda
"Ombudsman maktabi" loyihasi doirasida hududlarda o‘tkazilayotgan ochiq muloqotlarda ushbu hududdan saylangan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari ham ishtirok etib, aholi murojaatlarini o‘rganishmoqda. Bunday hamkorlik fuqarolarning muammolarini samarali hal etish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlash, davlat organlari bilan aholi o‘rtasidagi muloqotni kuchaytirishga xizmat qiladi.

Shunday tadbirlarning navbatdagisi Andijon viloyati Marhamat tumanida  Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati G.Abduvohidova hamda Ombudsmanning Andijon viloyatidagi mintaqaviy vakili hamkorligida o‘tkazildi. Unda “Alitepa”, “Mirishkor”, “Chilon” va “O‘qchi” mahallalarida yashovchi 53 nafar fuqaro ishtirok etdi.

Mazkur tadbir Ombudsman nomiga mazkur tuman fuqarolaridan kelib tushgan murojaatlar tahlili asosida tashkil etildi. Unda ijtimoiy himoya, pensiya va nafaqalar tayinlash, bepul huquqiy yordam olish va boshqa masalalar bo‘yicha tegishli tashkilot va idora vakillari jalb etildi.

Tadbir doirasida  sayyor qabul ham tashkil etildi. Unda fuqarolar tegishli idoralar vakillari bilan yuzma-yuz muloqotda bo‘lib, o‘z muammolari yuzasidan joyida amaliy yordam oldilar. Qator murojaatlarni o‘sha kuniyoq hal etish choralari ko‘rildi, boshqalari esa nazoratga olindi.

Tadbirdan so‘ng, Qo‘rg‘ontepa tumanida joylashgan “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan bolalar uchun internat uyi hamda Reabilitatsiya markaziga monitoring tashriflari amalga oshirilib, ushbu muassasalardagi sharoitlar ham o‘rganildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati