Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Fuqarolar murojaatlari  joyiga chiqib o‘rganilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakiliga (ombudsmanga) yo‘llangan murojaatlar ularga aniqlik kiritish va qo‘shimcha maʼlumotlarga ega bo‘lish maqsadida uning hududlardagi mintaqaviy vakillari tomonidan joyiga chiqqan holda o‘rganildi.

Bunday o‘rganishlar jarayonida murojaatlarda ko‘tarilgan muammolar bo‘yicha tegishli tashkilot va mutasaddi shaxslar ishtirokida suhbatlar tashkil etildi, huquqiy tushunchalar berildi, chalkashliklar aniqlanib, hal etish choralari ko‘rildi. Jumladan, fuqaro E.N. 4-umumtaʼlim maktabida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari sifatida ishlab kelgani, biroq maʼlumotlar bazasida MCHJda ishchi sifatida qayd etilib qolganini bildirib, taʼtil pulini ololmayotganidan shikoyat qilgan edi. Ombudsmanning Qashqadaryo viloyatidagi vakili ishchi guruh tuzgan holda masalani joyiga chiqib o‘rgandi va natijada, maʼlumotlar bazasidagi chalkashlik bartaraf etildi. Natijada u lavozimiga qayta tayinlanib, taʼtil pullarini ham oldi.

Ayrim hollarda esa murojaatlarda keltirilgan holatlar tasdiqlanmasligi ham kuzatilmoqda. Masalan, Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi fuqaroning “tinchligim buzilmoqda” mazmunidagi murojaati yuzasidan Ombudsmanning Toshkent shahridagi mintaqaviy vakili holatni joyida o‘rgandi. Qo‘shnilar, mahalla faollari bilan o‘tkazilgan suhbatlar davomida murojaatda keltirilgan holatlar o‘z tasdig‘ini topmadi. Ushbu murojaatchi avval ham shu mazmunda murojaat qilgani va shovqin o‘lchaydigan maxsus uskuna orqali tekshirilgani va tasdiqlanmagani maʼlum bo‘ldi. Murojaatchiga huquqiy tushunchalar berildi.

Shuningdek, Navoiy viloyatida joylashgan 4, 5 va 11-sonli jazoni ijro etish koloniyalarida saqlanayotgan mahkumlar tomonidan yo‘llangan 5 ta murojaat ham joyiga chiqib o‘rganildi. Murojaatlarda ko‘tarilgan masalalarni to‘liq o‘rganish maqsadida koloniyalarning tibbiy va boshqa sohaviy xizmatlaridan murojaatchilarga oid shaxsiy maʼlumotlar so‘rab olindi. Jamlangan maʼlumotlar tahlili asosida har bir murojaat yuzasidan xulosalar tayyorlandi va qonunchilikda belgilangan tartib hamda muddatlarda murojaatchilarga rasmiy javoblar yuborildi.

 Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati