Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Yopiq muassasalarda inson qadri: Sirdaryodagi tergov hibsxonasiga monitoring tashrifi o‘tkazildi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Sirdaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili 8-sonli Tergov hibsxonasiga monitoring tashrifini amalga oshirdi. Monitoring doirasida qator intellektual va targ‘ibot tadbirlari ham o‘tkazildi. Bu esa yopiq muassasalarda ham inson qadrini taʼminlash, voyaga yetmaganlar manfaatlarini himoya qilish va qonunchilikka oid bilimlarni oshirishga xizmat qilmoqda.

Hozirda mazkur hibsxonada 7 nafar voyaga yetmagan shaxs saqlanmoqda. Monitoring davomida ular uchun yaratilgan sharoitlar o‘rganildi. Yoshlarning tashqi muhitdan uzilib qolmasligi va taʼlimdan orqada qolmasligi uchun hibsxona hududida sinfxona tashkil etilgan bo‘lib, barcha zarur o‘quv qurollari bilan jihozlangan. Ularga Viloyat xalq taʼlimi bo‘limidan biriktirilgan o‘qituvchilar dars o‘tmoqda, psixologlar ishtirokida tarbiyaviy va shaxsiy rivojlanishga qaratilgan treninglar ham tashkil qilingan. Suhbatlar chog‘ida 3 nafar voyaga yetmagan shaxsning murojaatlari qabul qilindi.

Monitoring tashrifida hibsxonada saqlanayotgan shaxslarning yashash, ovqatlanish, sayrga chiqish, tibbiy yordam olish sharoitlari o‘rganildi.

Shu kuni jazo muddatini xo‘jalik ishlariga biriktirilgan holda o‘tayotgan mahkumlar o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yini tashkil etildi. Unda adabiyot, tarix, geografiya, mantiqiy fanlar bo‘yicha savol-javoblar o‘tkazilib, g‘oliblar va faol qatnashchilar maxsus taqdirlandi. Eʼtiborlisi, g‘olib mahkumlarning ota-onalariga tashakkurnomalar topshirilib, muddatidan oldin uchrashuv huquqi berildi. Bu kabi tadbirlar mahkumlarda ijobiy ruhiyatni shakllantirishga va qayta ijtimoiylashuvga yo‘naltirilgan.

Shuningdek, hibsxonada ishlovchi xodimlar uchun targ‘ibot tadbiri o‘tkazilib, unda mahkum va mahbuslarning huquqlari, ularga insoniy munosabatda bo‘lish, munosib sharoitlarda saqlash bo‘yicha milliy va xalqaro hujjatlar normalari bilan tanishtirildi. Shuningdek, Ombudsman tomonidan o‘tkazilayotgan monitoring tashriflarida qaysi jihatlarga eʼtibor qaratilayotgani va muhim yo‘nalishlar haqida fikr almashildi.

Ushbu tadbirlar doirasida Ombudsmanning mintaqaviy vakili jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini qabul qildi va huquqiy tushuntirishlar berdi. tasdiqlandi.

Ombudsmanning Sirdaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili ish kunini mahbusdan yuborilgan murojaatni Yangiyer shahar tibbiyot birlashmasi shifoxonasiga borib o‘rganish bilan yakunladi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati