Loyiha doimiy ravishda chekka hududlarda fuqarolarga yaqin borish, ularning huquqiy xabardorligini oshirish, real murojaatlarga yechim topish hamda sohaviy tashkilotlar bilan hamkorlikda ishlashga qaratilgan bo‘lib, bu galgi tadbir ham ana shu maqsadda tashkil etildi.
Tadbirda “Uzunko‘cha”, “Dehqonobod”, “G‘ayrat” va “Abdullabiy” mahallalari aholisi hamda yoshlar ishtirok etdi. Maktab o‘quvchilari tomonidan teatr, texnika, sanʼat, sport va ijodiy to‘garaklardagi ishlanmalar taqdim etildi, sahna chiqishlari va ko‘rgazmalar namoyish qilindi. Shuningdek, pazandachilik to‘garagi ishtirokchilari o‘rtasida milliy taom — osh tayyorlash bo‘yicha musobaqa ham o‘tkazildi.
Tadbirning eng asosiy qismi sifatida Ombudsmanning Andijon viloyatidagi mintaqaviy vakili boshchiligida fuqarolar uchun sayyor qabul tashkil etildi. Qabulda tuman hokimligi, ichki ishlar boshqarmasi, tuman tibbiyot birlashmasi, “Hududgaz Andijon” gaz taʼminoti filiali, “Elektr tarmoqlari” korxonasi va tijorat banklari masʼullari ham ishtirok etdi. Mazkur format — turli tashkilotlar mutaxassislarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri aholi yoniga borib, murojaatlarni joyida tinglashi va yechim topishi bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Qabul paytida fuqarolarning yashash sharoiti, infratuzilma, ijtimoiy yordam, ish bilan taʼminlash va taʼlim sohalariga oid masalalari ko‘rib chiqildi va ayrim masalalar shu yerning o‘zida hal etildi.
Tadbir doirasida tuman tibbiyot birlashmasi bilan hamkorlikda sayyor tibbiy ko‘rik ham tashkil etildi. Teshiktosh mahallasi aholisi uchun bepul rentgen, ultratovush tekshiruvi, qon tahlili o‘tkazilib, tor doiradagi shifokorlar tomonidan tibbiy tavsiyalar berildi.Bu amaliy qadam chekka hududlarda tibbiy xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojni qisman qamrab olishga xizmat qildi.
“Ombudsman maktabi”ning bu galgi formati bir necha yo‘nalishni qamrab olgani — huquqiy, tibbiy, taʼlimiy va ijtimoiy xizmatlarni bir joyda birlashtirgani bilan aholi tomonidan iliq kutib olindi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati