Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman maktabi: aholi murojaatlari tahlili asosida chekka hududlarda huquqiy xabardorlikni oshirishga qaratilgan ochiq muloqotlar tashkil etildi
Maʼlumki, “Ombudsman maktabi” loyihasi Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) tashabbusi bilan aholining huquqiy xabardorligini oshirish, fuqarolar murojaatlarida ko‘tarilayotgan dolzarb muammolarni joylarda o‘rganish va huquqiy tushuntirishlar berish maqsadida amalga oshirilmoqda. Loyihaning eng muhim jihati shundaki, mavzular Ombudsmanga kelib tushayotgan real murojaatlar tahlili asosida tanlanadi.

Loyiha doirasidagi navbatdagi tadbirlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Navoiy, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida o‘tkazildi. Ularda senator va deputatlar, tegishli sohalar mutasaddilari, fuqarolik jamiyati instituti vakillari vakillari hamda aholi qamrab olindi.

Ombudsmanga kelib tushayotgan murojaatlarda o‘zboshimchalik bilan qurilgan inshootlarga bo‘lgan huquqlarni eʼtirof etish, davlat kadastrlari bilan bog‘liq tartib-taomillar masalalari dolzarbligi inobatga olinib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahriningTaslaq”, “Ata makan”, “Havo yo‘li”, “Jolshilar”, “G‘arezsizlik”, “Do‘stlik go‘zari”, “Botanika bog‘i” va “Xalqlar do‘stligi” mahallalari hamda Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidagi “Quvvacha”, “Yangi bozor” va “Arna” mahallalarida “Ombudsman maktabi” tadbirlari tashkil etildi. Ularda fuqarolarning boshqa mavzular bo‘yicha savollariga ham javob berildi.

Navoiy viloyati Navbahor tumanidagi “Yangi hayot”, “Keskanterak”, “Guliston” va “Qorajon” mahallalarida o‘tkazilgan uchrashuvlarda aholi bandligini taʼminlash, kambag‘allikni qisqartirish, tadbirkorlikni rivojlantirish hamda ijtimoiy muhofaza tizimidagi yangiliklar fuqarolarga yetkazildi. Ombudsman to‘g‘risidagi yangi Qonun va mintaqaviy vakillar vakolatlari haqida tushuntirishlar berildi. Sayyor qabulda aholi murojaatlari eshitildi.

Shuningdek, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlaridagi universitetlarda ham yoshlar bilan muloqot tashkil etildi. Tadbirlar Samarqand shahridagi O‘zbekiston–Finlyandiya pedagogika instituti va Qarshi shahridagi Texnika universitetida o‘tkazildi.

Talabalarning qiziqishlaridan kelib chiqib, davlat xizmatlariga ishga kirish tartibi, taʼlim tizimidagi islohotlari, sog‘lom turmush tarzi, mediamadaniyat, axborot tahlili, internet tahdidlaridan himoya kabi mavzular muhokama qilindi.

Ushbu tadbirlarda yoshlarga yana bir bor ularni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan davlat siyosati, mavjud imtiyoz va imkoniyatlar haqida so‘z yuritildi. Eʼtiborli jihati — tadbirdan so‘ng talabalar avval bilmagan huquqiy imtiyozlar va mexanizmlar haqida maʼlumotga ega bo‘lishdi.

“Ombudsman maktabi” loyihasi aholining huquqiy xabardorligini oshirish, murojaatlarda ko‘tarilayotgan muammolarni joylarda o‘rganish va hal etish, tegishli davlat idoralari bilan hamkorlikda amaliy yechimlarga erishishga qaratilgan muhim tashabbus sifatida izchil davom ettirilmoqda.

“Ombudsman maktabi” loyihasi doirasida Ombudsman mintaqaviy vakillarining sayyor qabullari ham tashkil etilib, ortiq fuqarolar murojaatlari qabul qilindi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati