Mazkur nufuzli anjumanda 20 dan ziyod mamlakatdan Ombudsmanlar va inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar rahbarlari ishtirok etdi. Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi, Mo‘g‘uliston, Misr, Ozarbayjon, O‘zbekiston, Slovak Respublikasi, Turkiya, Ummon va Chernogoriya kabi davlatlar shular jumlasidandir. Shuningdek, tadbirda Milliy inson huquqlari institutlari global alyansi (GANHRI), Milliy inson huquqlari institutlarining Yevropa tarmog‘i (ENNHRI), Islom hamkorlik tashkiloti Ombudsmanlar assotsiatsiyasi (OIC Ombudsman Association) va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari ham qatnashishdi.
1-sessiyada so‘zga chiqqan O‘zbekiston Parlamenti Ombudsmani Feruza Eshmatova nutqida mamlakatimizda inson huquqlarini taʼminlashga qaratilgan islohotlar haqida so‘z yuritdi. U, jumladan, yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyada inson qadri, shaʼni va erkinliklarini kafolatlashga oid huquqiy asoslar yana-da mustahkamlanganini taʼkidladi. Shuningdek, 2024 yilda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) to‘g‘risida”gi Qonun yangi Konstitutsiya normalariga muvofiqlashtirilgani, Ombudsman institutining inson huquqlari bo‘yicha milliy institut sifatidagi ahamiyati oshirilib, uning huquqlari kengaytirilgani alohida qayd etildi. Shuningdek, joylarda huquqiy yordam va jamoatchilik bilan muloqotni taʼminlovchi “Ombudsman maktabi” va “Ombudsman soatlari” kabi tashabbuslar hamda nogironligi bo‘lgan bolalar va mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari o‘rtasida o‘tkazib kelinayotgan “Huquq bilimdoni” Ombudsman viktorinasi tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Anjuman doirasida Ombudsmanlar o‘rtasida milliy tajribalar bilan o‘rtoqlashish, inson huquqlarini taʼminlashning zamonaviy mexanizmlarini muhokama qilish, jumladan, raqamlashuv va sunʼiy intellekt davrida inson huquqlarini muhofaza qilish, mojarolar oqibatida jabr ko‘rgan aholiga huquqiy yordam ko‘rsatish kabi dolzarb masalalarga alohida eʼtibor qaratildi.
Maʼlumot uchun, Ozarbayjon Respublikasining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) instituti 2001 yil 28 dekabrda qabul qilingan Konstitutsiyaviy qonun asosida tashkil etilgan mustaqil davlat organidir. Ombudsman inson va fuqarolarning huquq hamda erkinliklarini himoya qilish, davlat organlari faoliyati ustidan nazorat o‘rnatish, shaxslar murojaatlarini ko‘rib chiqish va huquqbuzarliklar yuzasidan tegishli organlarga tavsiyalar berish vakolatiga ega. Shuningdek, Ombudsman harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanayotgan muassasalarda inson huquqlari holatini muntazam o‘rganib, qiynoq va shafqatsiz muomalalarning oldini olish bo‘yicha monitoringlar o‘tkazadi.
Feruza Eshmatova simpozium doirasida bir qator davlatlar Ombudsmanlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazib, inson huquqlari sohasidagi o‘zaro tajriba va hamkorlik aloqalarini yana-da rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati