Murojaatda, fuqarolar 15 yildan buyon “Asaka Don Maxsulotlari” AJning Tegirmon syexida turli vazifalarda ishlab kelishgan. Biroq ish beruvchi tomonidan 2025-yil yanvar oyida takroran xodimlar bilan mehnat shartnomasi asossiz ravishda bekor qilingan.
Mazkur murojaat Ombudsman nazoratiga olinib, holat uning Andijon viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan o‘rganildi.
Aniqlanishicha, jamiyat rahbari tomonidan mazkur fuqarolarga nisbatan asossiz ishdan bo‘shatish holati 2024-yil sentabr oyida ham amalga oshirilgan bo‘lib, sud qarori orqali murojaatchilar ishga tiklanishga erishishgan. 3 oydan so‘ng ish beruvchi tashabbusiga ko‘ra xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomasi qayta bekor qilingan. Bunga ishchilarning o‘z mehnat majburiyatlarini 1 marta qo‘pol ravishda buzganligi asos qilib keltirilgan.
Ishga taalluqli hujjatlar ko‘rib chiqilishi natijasida murojaatchilarga nisbatan jamiyat rahbari tomonidan ko‘rsatilgan ayblovlar asossiz deb topilib, Ombudsman tomonidan fuqaro G.I. manfaatida ishga tiklash bo‘yicha sudga da’vo arizasi kiritildi. Shuningdek, qolgan 2 nafar murojaatchiga ham ushbu holat bo‘yicha huquqiy hamrohlik qilindi.
Sudning hal qiluv qaroriga asosan murojaatchilar avvalgi ishlagan lavozimiga ishga tiklanib, majburiy progul kunlari va yetkazilgan ma’naviy zarar uchun jami 37 million so‘m fuqarolar foydasiga undirilishi belgilandi. Shuningdek, ish beruvchi zimmasiga davlat foydasiga jami 5,8 mln so‘m davlat boji to‘lash majburiyati ham yuklatildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati