Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Qashqadaryo viloyatida fuqarolar eng ko‘p murojaat yo‘llagan tumanda Ombudsman ishtirokida ochiq muloqot o‘tkazildi va sayyor qabul tashkil etildi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tomonidan aholi o‘rtasida huquqiy xabardorlikni oshirish va joylardagi muammolarni bevosita o‘rganish maqsadida Qashqadaryo viloyatining Koson tumanida “Ombudsman maktabi” loyihasi doirasida navbatdagi uchrashuv tashkil etildi. Ushbu hudud 2024-yilda Ombudsmanga kelib tushgan murojaatlar soni bo‘yicha respublikada birinchi o‘rinni egallagan.

Ochiq muloqot 2025-yil 30-may kuni Qashqadaryo pedagogika texnikumi binosida bo‘lib o‘tdi. Unda Koson tumanining 10 dan ortiq mahallalarida, jumladan “Arabxona”, “Do‘stlik”, “Nartichuqur”, “Yuqori Obron”, “O‘rta Obron”, “Quyi Obron”, “Regzor”, “Beshqo‘ton” MFYlarida yashovchi fuqarolar qamrab olindi.

Tadbirda Koson tumani aholisidan tashqari, murojaatlarda ko‘tarilgan masalalar yuzasidan mas’ul tashkilot va idoralar, shuningdek fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ham ishtirok etdi.

Murojaatlar tahlili. 2024-yilda Qashqadaryo viloyatidan Ombudsmanga 3274 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, shundan 818 tasi faqat Koson tumaniga to‘g‘ri keladi. Bu hudud so‘nggi 3 yil ichida murojaatlar soni bo‘yicha yetakchi bo‘lib kelmoqda. Murojaatlar asosan mehnat huquqlari, sud va tergov faoliyatidan norozilik, uy-joy, aliment, kommunal xizmatlar va firibgarlik masalalarini qamrab olgan.

“Koson tumanidan kelayotgan murojaatlar soni ko‘pligini ko‘rib, aynan shu yerning o‘zida odamlar bilan yuzma-yuz gaplashishni lozim topdik. Shuning uchun bugun bu muloqotga murojaatlarda tilga olingan sohalarga daxldor mutaxassislarni ham jalb qildik. Bu faqat bir kundagi gap emas, odamlar o‘z muammolarini kimga yetkazish mumkinligini, qayerga murojaat qilishni aniq bilib olishi kerak. Ana shunda masalalarni hal etish mexanizmi yo‘lga qo‘yiladi. Mahalliy idoralar ham biz bergan tahlildan kelib chiqib, aholi o‘rtasida yuzaga kelayotgan muammolarni tizimli hal etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab olishadi”, deb ta’kidladi  Ombudsman Feruza Eshmatova.

Fuqarolar murojaatlari — ochiq muhokama markazida. Fuqarolar bilan erkin muloqotda huquqiy yordam ko‘rsatish, ijtimoiy xizmatlar sifatini oshirish, o‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joylarga va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish masalalari muhokama qilindi. Mazkur yondashuv xalqaro amaliyotda “community-based legal outreach” — jamoaga asoslangan huquqiy yechim sifatida baholanadi va aholining huquqiy imkoniyatlarini kengaytirishda muhim vosita sanaladi.

Ombudsmanning sayyor qabuli — jonli muloqot, aniq yechimlar.

Tadbir doirasida Ombudsman Feruza Eshmatova tomonidan sayyor qabul tashkil etilib, fuqarolar murojaatlari qabul qilindi hamda ular joyida tegishli tashkilotlar bilan birga ko‘rib chiqildi. Qabulda 40 ga yaqin murojaatlar tinglandi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati

Yangiliklar kategoriyalari