Bu borada, Bosh qomusimizda davlat va jamiyat yetim bolalarni hamda ota-onasining vasiyligidan mahrum bo‘lgan bolalarni boqish, tarbiyalash, ularning taʼlim olishi, sog‘lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishi, shuningdek, bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratishi mustahkamlangan.
Bundan tashqari, O‘zbekistonda inson huquqlari sohasidagi Milliy taʼlim dasturining qabul qilinishi mamlakatimizda inson huquqlari sohasidagi taʼlimni yana-da rivojlantirishga, aholining inson huquqlari sohasidagi huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan.
Ayniqsa, Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchi bolalari o‘rtasida huquqiy xabardorlikni oshirish, qonunga hurmat ruhida tarbiyalash, boshqa shaxslarning qonuniy huquq va manfaatlarini taʼminlash hamda ularning daxldorlik tuyg‘usini oshirish muhim ahamiyatga ega.
Ombudsmanga yuborilayotgan fuqarolar murojaatlari tahlili aholining mamlakatimizda inson huquq va manfaatlarini taʼminlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, yetim hamda ota-onasining vasiyligidan mahrum bo‘lgan shaxslarga belgilangan huquq va imtiyozlardan foydalanish bo‘yicha xabardorlik darajasi yetarli emasligini ko‘rsatmoqda. Shundan kelib chiqib, Ombudsman o‘z faoliyatida aholining huquqiy xabardorligini oshirishga alohida eʼtibor qaratmoqda.
Shu nuqtai nazardan, “1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni” munosabati bilan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi bilan hamkorlikda jamiyatda Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari taʼlimiga bo‘lgan eʼtiborni kuchaytirish, ularning huquq sohasiga bo‘lgan qiziqishini hamda bilimlarini oshirish maqsadida yetim bolalar o‘rtasida “Huquq bilimdoni” Ombudsman viktorinasiga start berildi.
2 bosqichdan iborat ushbu Viktorinada Toshkent shahrida joylashgan Mehribonlik uylarining 100 nafarga yaqin tarbiyalanuvchilari qamrab olindi.
2025-yilning 23-may kuni Toshkent shahridagi 22-sonli Mehribonlik uyida “Huquq bilimdoni” Ombudsman viktorinasining 1-bosqichi o‘zbek va rus tillarida taʼlim oluvchi yuqori sinf o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazildi.
1-bosqichda konkurs ishtirokchilari huquq sohasi bo‘yicha 30 ta test savollariga javob berishdi. Test javoblari hakamlar hayʼati tomonidan tekshirilib, eng yuqori ball to‘plagan 10 nafar ishtirokchilar aniqlandi. Ushbu o‘quvchilar 2 bosqichga yo‘llanmani qo‘lga kiritishdi.
Viktorinaning yakuniy II bosqichi tez kunlarda Toshkent shahrida o‘tkaziladi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati