Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Aholi murojaatlari asosida Respublika bo‘ylab fuqarolar bilan ochiq muloqotlar tashkil etildi
Ma’lumki, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) tomonidan mamlakatimizning chekka hududlaridagi mahallalarda, oliy o‘quv yurtlarida “Ombudsman maktabi” loyihalari izchil amalga oshirib kelinmoqda.

Bu tashabbuslarning eng muhim jihati shundaki, ular statistik raqamlar emas, balki real murojaatlar tahlili asosida tashkil etiladi. Ya’ni qaysi mavzu bo‘yicha fuqarolar tomonidan eng ko‘p murojaat kelib tushayotgan bo‘lsa, aynan o‘sha masala muhokama markaziga aylanadi. Shu orqali hudud aholisi bilan yuzma-yuz muloqot o‘tkazilib, tegishli mutaxassislar va mutasaddilar ishtirokida huquqiy tushuntirishlar beriladi.

Loyiha doirasidagi navbatdagi tadbirlar Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanidan “Buyuk zamin”, “Savay”, “Birlashgan”, “Yangi hayot” mahalla fuqarolari hamda Asaka tumani tadbirkor ayollari, Buxoro viloyati Qorovulbozor tumanidan “Imom Buxoriy”, “Tinchlik” mahallalari, Xorazm viloyati Gurlan tumanidan “Yangibog‘”, “Ishonch”, “Yangi asr”, “Nurobod”, “Navbahor”, “Gulshan”, “Shodlik”, “Bog‘iston” mahallalarida yashovchi aholi hamda Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti, Farg‘ona Davlat texnika universiteti, Qoraqalpog‘iston Qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti va Andijon texnika instituti talabalari ishtirokida o‘tkazildi.

Ochiq muloqot shaklida o‘tkazilgan uchrashuvlarda ishtirokchilarga aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish, sog‘liqni saqlash, uy-joy, ta’lim kreditini ajratish tartibi, yoshlarga oid davlat siyosati, aholi bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlikka yo‘naltirish hamda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha yaratilgan imkoniyat va imtiyozlar haqida tanishtirildi.

Shuningdek, talaba yoshlar bilan o‘tkazilgan tadbirlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining ishga joylashishiga ko‘maklashish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hamda Vazirlar Mahkamasining “Yoshlar muammolarini o‘rganish va xal etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qonunlarining mazmun-mohiyati ham tushuntirildi.

“Ombudsman maktabi” loyihasi doirasida Ombudsman mintaqaviy vakillarining sayyor qabullari ham tashkil etilib, 40 dan ortiq fuqarolar murojaatlari qabul qilindi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati