Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman yordamida fuqarolarning buzilgan huquqlari tiklandi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ga joylarda fuqarolarning huquqlari buzilayotgani yuzasidan bir qator murojaatlar kelib tushmoqda. Ular tezkor o‘rganilib, aniqlangan muammolarning hal etilishi taʼminlanmoqda.

Jizzax shahridagi “Global qurilish trans” MCHJda ishlagan 13 nafar fuqaro ish haqining bir qismi to‘lanmagani va murojaatlarga eʼtibor berilmayotganidan shikoyat qilgan. Ombudsmanning mintaqaviy vakili tomonidan tegishli organlar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida, fuqarolarning to‘lanmay kelgan ish haqi to‘liq undirib berildi.

Shuningdek, Andijon viloyatidagi xususiy issiqlik taʼminoti korxonasida faoliyat yuritgan 100 nafar mavsumiy ishchi fevral va mart oylari uchun haq to‘lanmaganini bildirishgan. Ombudsman aralashuvidan so‘ng, barcha ish haqlari qisqa muddatda to‘lab berildi.

Farg'ona shahri Qo‘shtepa tumanida yashovchi fuqaro turmush o‘rtog‘iga nogironlik belgilanishi va tibbiy yordam ko‘rsatilishida amaliy ko‘mak so‘ragan. Ombudsmanning viloyatdagi vakili ijtimoiy himoya organlari bilan hamkorlikda murojaatni o‘rganib, natijada bemorga 2-guruh nogironlik belgilanib, bepul dori-darmon va tibbiy xizmatlar bilan taʼminlandi.

Toshkent shahrida sport zaliga kirishi cheklangan fuqaro murojaati ko‘rib chiqildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sog‘ligi bois reabilitatsiya maqsadida sport mashg‘ulotlariga muhtoj bo‘lgan. Ammo mutasaddi shaxs tomonidan hech qanday asossiz tarzda unga zalga kirish taqiqlangan. Ombudsman vakili aralashuvidan so‘ng, fuqaroning huquqi tiklandi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati