Murojaat asosida Ombudsmanning Farg‘ona viloyatidagi mintaqaviy vakili Farg‘ona viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi masʼul xodimlari bilan hamkorlikda o‘rganish ishlarini amalga oshirdi.
O‘rganish davomida sex 2024 yil sentyabridan buyon faoliyat yuritmayotgani maʼlum bo‘ldi. Ilgariroq ham aholi shikoyatlari asosida mazkur sex ekologik talablarga rioya qilmagani uchun tekshiruvdan o‘tkazilgan va rahbariyatga faqat maxsus filtr uskunasi o‘rnatilgandan keyin ishni qayta boshlashga ruxsat berilishi taʼkidlangan.
Joriy yil aprel oyida o‘tkazilgan takroriy o‘rganish davomida sexga Xitoyda ishlab chiqarilgan chang va gazlarni tutib qoluvchi zamonaviy filtr o‘rnatilgani aniqlandi. Uskuna havoni zararli moddalardan tozalash, jumladan sulfidlarni parchalash orqali atrof-muhitga taʼsirni kamaytirish vazifasini bajaradi. Mutasaddilar tomonidan uskunaning texnik parametrlari tekshirilib, belgilangan talablarga javob berishi tasdiqlandi.
Qayd etish lozimki, Ombudsmanga Farg‘ona viloyatidagi boshqa g‘isht ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyati yuzasidan ham shikoyatlar kelib tushmoqda. Ular orasida chang-gaz ushlash uskunalarisiz ishlayotgan sexlar ham mavjud. Bu esa aholining sog‘lom va xavfsiz ekologik muhitda yashash huquqini cheklamoqda.
Shundan kelib chiqib, aholining ekologik huquqlarini taʼminlash maqsadida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tomonidan Farg‘ona viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasiga viloyat hududidagi barcha g‘isht ishlab chiqarish korxonalarining faoliyatini monitoringdan o‘tkazish yuzasidan Ombudsman xulosasi kiritildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati