Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman boshchiligida Navoiydagi qator harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan yopiq muassasalardagi sharoitlar o‘rganildi
2025 yilning 24 aprel kuni Ombudsman boshchiligida uning huzuridagi Qiynoqlarni oldini olish bo‘yicha MPM doirasida faoliyat yurituvchi Jamoatchilik guruhlari aʼzolari tomonidan Navoiydagi qator penitensiar muassasalarga monitoring tashriflari amalga oshirildi. Jarayonlarda OAV vakillari ham ishtirok etishdi.

Dastlabki manzil, Navoiy shahar vaqtincha saqlash hibsxonasi  bo‘ldi. Monitoringda ushbu muassasada saqlanayotgan shaxslarga yaratilgan shart-sharoitlar, jumladan, yashash, ovqatlanish, tibbiy xizmatdan foydalanish, tergov va advokatlar xonalari o‘rganildi.

Shundan so‘ng, Navoiy shahrida joylashgan 11-son Jazoni ijro etish koloniyasiga tashrif buyurildi. Koloniyada mahkumlarga kasbga o‘rgatish maqsadida 14 ta to‘garak tashkil etilgan, tikuvchilik, elektrik, asalarichilik, chorva va parrandachilik, dehqonchilik, duradgorlik, yumshoq mebel yasash, ingliz tili to‘garaklari shular jumlasidandir. Kasb o‘rganib sertifikat olgan mahkumlar 18 ta sexda mehnatga jalb qilinadi. Bu ularda masʼuliyat hissini shakllantirish hamda ozodlikka chiqqanidan so‘ng, ijtimoiylashuviga yordam beradi. Monitoringda mahkumlarning mehnat sharoitlariga va oziq-ovqat taʼminotiga alohida eʼtibor qaratildi. 

O‘rganishlar doirasida mahkumlar bilan jamoaviy va yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilib, murojaatlari qabul qilindi. 

Bundan tashqari, Ombudsman va viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi bilan hamkorlikda tor doiradagi mutaxassislar jalb etilgan holda mazkur koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Shu kabi tadbirlar viloyatdagi 4, 5 va 12-sonli Jazoni ijro etish koloniyalarida ham tashkil etilgan.

Keyingi manzil Navoiy viloyati Narkologiya dispanseri bo‘lib, unda saqlanayotgan shaxslarga yaratilgan sharoitlar ko‘zdan kechirildi. Monitoring davomida bemorlarning yotoq joylari, oshxona, sport xonalari, tibbiyot bo‘limi va dori-darmon vositalarining saqlanish sharoitlari hamda sanitariya-gigiyena qoidalariga muvofiqligi holati o‘rganildi.

Monitoring tashriflari 25 aprel kuni ham davom etadi. 

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati