Birinchi bor, 2024-yilning mart oyida 32 nafar tibbiyot xodimi Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ga murojaat qilib, Koson tuman tibbiyot birlashmasi laboratoriya xizmati majburiy tartibda Davlat xususiy sherikchilik asosida tadbirkorlik subyektiga berilishi munosabati bilan mehnat shartnomalarini o‘z xohishlari bilan bekor qilishga majburlanayotgani va ish haqi to‘lanmayotganidan shikoyat qilishgan. Murojaat Ombudsmanga yo‘llangandan so‘ng, u nazoratga olindi va Qashqadaryo viloyatidagi mintaqaviy vakil boshchiligida ishchi guruh tuzilib, vaziyat joyiga chiqqan holda o‘rganilgan. Shundan so‘ng, tibbiy kengash yig‘ilib, xodimlarni o‘z lavozim va mutaxassisligi saqlangan holda “Murod Med Star” xususiy korxonasiga ishga qabul qilinishlari tushuntirildi va muammo yechim topdi.
Biroq, bir yil o‘tishi bilan, 2025-yil mart oyida ushbu xodimlar yana Ombudsmanga murojaat qildilar. Bu safar ular ish haqlarining o‘z vaqtida to‘lanmayotgani, shuningdek, 2024-yil 1-oktabrdan amalga kiritilgan Prezident farmoniga asosan belgilangan 15% maosh qo‘shimchasi amalda to‘lanmayotgani haqida norozilik bildirishdi.
Ombudsman mazkur murojaatni nazoratga olib o‘rganishi natijasida 2025-yilning 24-mart kuni tibbiy kengash yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda Sog‘liqni saqlash vazirligining ko‘rsatmasi asosida autsorsing xizmatlari tugatilayotgani va xodimlar vaqtincha byudjet hisobidan moliyalashtirilishi ma’lum qilindi. Shuningdek, 2025-yil yanvar, fevral va mart oylari uchun ish haqi va unga 15% qo‘shimcha to‘lov amalga oshirilishi belgilandi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati