Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman Osiyo-Tinch okeani forumiga aʼzo bo‘ldi
2025-yil 4-aprel kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova hamda Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning Osiyo-Tinch okeani forumi direktori Kiren Fispatrik o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

1996-yili tashkil etilgan ushbu forum Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi barcha milliy inson huquqlari bo‘yicha institutlarni  birlashtiradi. Hozirgi kunda forum tarkibida 28 ta milliy inson huquqlari tashkilotlari bor, Markaziy Osiyo davlatlari Ombudsmanlari ham shular jumlasidan.

Uchrashuvda Kiren Fispatrik Ombudsman institutining ushbu nufuzli tuzilmaga aʼzo bo‘lib kirgani bilan qutlab, O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish borasidagi o‘zgarishlar, qonunchilik va institutsional bazaning takomillashtirilishini ijobiy baholadi. Shu bilan birga suhbat jarayonida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, forumga aʼzo davlatlar Ombudsmanlari o‘rtasida tajriba almashinish va eng yaxshi amaliyot bilan bo‘lishish masalalari ham muhokama qilindi. F.Eshmatova tomonidan inson huquqlarini taʼminlash sohasida milliy institutsional tizim mustahkamlanayotgani, fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash, qiynoqlarning oldini olish va jazoni ijro etish muassasalarini monitoring qilish amaliyoti kengayib borayotgani taʼkidlandi.

Muloqot chog‘ida Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning Osiyo-Tinch okeani forumi faoliyati va uning aʼzolari uchun yaratiladigan imkoniyatlar — jumladan, xalqaro standartlar asosida salohiyatni oshirish, o‘zaro tajriba almashish, xalqaro akkreditatsiyadan o‘tishga ko‘maklashish masalalari muhokama qilindi. 

Ombudsmanning mazkur forumga aʼzo bo‘lishi O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi yutuqlarini xalqaro hamjamiyatga yetkazish hamda shu yo‘nalishdagi mamlakatimiz pozitsiyasini mintaqaviy va global darajada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati