Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Buxoroda Ombudsman mintaqaviy vakilining navbatdagi sayyor qabuli tashkil etildi
Xabaringiz bor, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning hududlardagi mintaqaviy vakillari tomonidan ko‘p murojaatlar kelib tushadigan chekka hududlarda sayyor qabullar tashkil etilmoqda.

Ombudsmanning Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakilining navbatdagi sayyor qabuli Buxoro shahridagi “Shirbudin” MFYda o‘tkazildi.

Qabulda 20 nafarga yaqin fuqarolar sog‘liqni saqlash, uy-joy, kadastr, bandlikni taʼminlash, ijtimoiy yordam olish bilan bog‘liq masalalarda murojaat qilishdi. Mazkur murojaatlarning baʼzilari joyida hal etilgan bo‘lsa, qolganlari nazoratga olindi.

Shuningdek, joriy haftada Kogon shahridagi “Ziyokor”, “Adolat”, “Do‘stlik” va “Arabxona” MFYda yashovchi fuqarolarning huquqiy bilimlarini oshirishga qaratilgan “Ombudsman maktabi” tadbiri ham o‘tkazildi.

Tadbirga tegishli davlat idoralari vakillari ham jalb etildi hamda ular tomonidan yangi qabul qilingan normativ hujjatlar haqida maʼlumot berilib, aholining huquqiy xabardorligi oshirildi.

Fuqarolar bilan ochiq muloqot shaklida savol-javoblarga boy tarzda o‘tgan tadbirda ushbu hududdan Ombudsmanga yuborilgan murojaatlarda ko‘tarilgan masalalarga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati