Taʼkidlanganidek, Ombudsman instituti 2024-yilda yangi konstitutsiyaviy qoidalar asosida inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan taʼsirchan parlament nazoratini olib borish, sohaga oid milliy qonunchilik hamda milliy preventiv mexanizmni takomillashtirish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyatini oshirishda bir qator ishlarni amalga oshirgan. Xususan, takroriy murojaatlarning oldini olish bo‘yicha ko‘rilgan choralar orqali ijobiy natijalarga erishilgan.
Hisobot yilida fuqarolarning murojaatlari tahlili asosida ularga qulayliklar yaratish maqsadida Ombudsman.uz mobil ilovasi ishga tushirilib, ushbu ilova orqali fuqarolarga murojaatlarni 24/7 rejimida yuborish, murojaat holatini monitoring qilish, OneID orqali tez va oson ro‘yxatdan o‘tish, hujjatlarni yuklash va ularni qabul qilish, murojaatlarni o‘zbek, rus va ingliz tillarida yuborish, onlayn maslahat olish imkoniyatlari yaratilgan.
2024-yilda Ombudsman tomonidan murojaatlar asosida fuqarolar manfaatida undirilgan hamda undirilishi belgilangan mablag‘ 4,2 mlrd so‘mni tashkil etdi.
Bundan tashqari, 33 nafar fuqaroning mehnat huquqlari tiklangan, 23 nafar fuqaro ish bilan taʼminlangan, 12 ta holatda murojaatchilarning pensiya huquqlari tiklanishiga erishilgan.
Majlisda qayd etilganidek, Ombudsman nomiga kelib tushgan murojaatlar tahlili, shuningdek yopiq muassasalarga qilingan monitoringlar asosida tayerlangan taklif va tavsiyalarni o‘z ichiga olgan tahliliy maʼlumotnomalar vakolatli tashkilot va idoralarga tizimli ravishda kiritib kelingan. Bundan tashqari, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiq berilgan yangi vakolatga asosan 2024 yilda Ombudsman tomonidan qonunchilik taklifi ishlab chiqilib, Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqilgan hamda ushbu palataning tegishli qarori qabul qilingan.
Shuningdek, Ombudsman ishchi guruh hamkorligida fuqarolarning davlat pensiyasini tayinlash va olish hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining bandligi masalasida kelib tushgan murojaatlar tahlili asosida Vazirlar Mahkamasiga taklif va mulohazalari bilan 2 ta tahliliy maʼlumotnoma kiritgan.
Shu bilan birga, Ombudsman instituti tomonidan bir qator yo‘nalishlarda o‘rganish va monitoring tadbirlari o‘tkazilgan. Xususan, “Raqamli va sunʼiy intellekt texnologiyalarining inson huquqlariga salbiy taʼsirining oldini olish” va “Ayollarga nisbatan kamsitishning barcha shakllarini bartaraf etish bo‘yicha Konvensiyasining Fakultativ bayonnoma”si o‘rganilib, ushbu masalalar yuzasidan vakolatli organlarga xam takliflar kiritilgan.
Ombudsman davlat organlari va idoralari tomonidan kelib tushgan 87 ta qonun va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari yuzasidan inson huquq va erkinliklariga doir qonunchilikka rioya etilishi to‘g‘risida ekspertiza xulosalarini tayyorlab, ular yuzasidan 309 ta taklif bergan. Shu bilan bir qatorda, 35 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalari yuzasidan bildirilgan 100 ga yaqin takliflar tashabbuskorlar tomonidan inobatga olingan.
Aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan “Ombudsman maktabi” loyihasi bo‘yicha tadbirlar respublikamizning 86 ta tuman va shaharlarida tashkil etilgan. Loyiha doirasida mahallalarda istiqomat qiluvchi fuqarolar bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgani, “Ishga marhamat” monomarkazlari bilan hamkorlikda “Mehnat yarmarkalari” tashkil etilgani qayd etilib, uning samaradorligidan kelib chiqqan holda keyingi yillarda imkon darajasida barcha tumanlarni qamrab olish senatorlar tomonidan tavsiya qilindi.Majlisda Ombudsmanning qiynoq holatlarining oldini olish, xalqaro hamkorlik, huquqiy targ‘ibot va jamoatchilik bilan aloqalar yo‘nalishidagi faoliyatlari yuzasidan ham maʼlumotlar berildi.
Muhokamalar jarayonida inson huquqlari va erkinliklari sohasida aniqlangan qonunbuzilishlarini bartaraf etish bo‘yicha taʼsir choralari ko‘rilgani, ommaviy axborot vositalari orqali targ‘ibot ishlari soni oshgani ham alohida qayd etildi.
Shu bilan birga, senatorlar tomonidan Ombudsman faoliyati yuzasidan ayrim taklif va tavsiyalar bildirildi.
Mazkur masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati