Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Talabalar bilan uchrashuv: O‘zbekiston va Finlyandiya Ombudsmanlari tajribasi
2025 yil 4 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) va Toshkent davlat yuridik universiteti o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumi doirasida talabalar bilan uchrashuv tashkil etildi. "Inson huquqlarini taʼminlashda Ombudsman institutining roli: O‘zbekiston va Finlyandiya tajribasi" mavzusiga bag‘ishlangan xalqaro davra suhbatida xorijiy ekspertlar – Finlyandiya Adliya kansleri o‘rinbosari Mikko Pumalaynen va Xelsinki universiteti huzuridagi “Huquq ustuvorligi” markazi direktori Tuiya Braks spiker sifatida ishtirok etdilar. Ular  talabalarga inson huquqlarini himoya qilishdagi o‘z tajribalari, xalqaro hamkorlik hamda inson huquqlari sohasidagi zamonaviy yondashuvlar haqida maʼlumot berishdi.

Uchrashuvda "Ombudsman klubi" aʼzolari ham ishtirok etishdi. Ular  darsdan so‘ng Ombudsman instituti mutaxassislariga biriktirilgan holda murojaatlar bilan ishlash, qabullarda ishtirok etish, jazoni ijro etish muassasalariga o‘tkaziladigan monitoring tashriflarini kuzatish kabi yo‘nalishlarda o‘z ko‘nikmalarini oshirishlari mumkin.

Mazkur xalqaro davra suhbati inson huquqlarini taʼminlash va himoya qilish yo‘nalishida talabalarga  xalqaro tajribani o‘rgatish hamda O‘zbekiston va Finlyandiya Ombudsmanlari faoliyati bilan yaqindan tanishish  uchun muhim platforma hisoblanadi. 

Uchrashuv qizg‘in munozara va savol-javoblarga boy tarzda o‘tdi. Talabalar spikerlarga inson huquqlarini himoya qilishning dolzarb masalalari, xalqaro standartlar va milliy qonunchilikka oid savollar bilan murojaat qilishdi. Xorijiy ekspertlar esa o‘z tajribalari va amaliy tavsiyalari bilan ishtirokchilarni qiziqtirgan masalalar yuzasidan javob berishdi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati