Tashriflar davomida Andijon shahridagi 3-son tergov hibsxonasi, Qo‘rg‘ontepa tumanidagi vaqtincha saqlash hibsxonasi, Buxoro viloyatidagi 20-son jazoni ijro etish koloniyasi, Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Buxoro viloyat filiali, Xorazm viloyatidagi 11-son tergov hibsxonasi, Pop tumanidagi 6-son jazoni ijro etish koloniyasi hamda Toshkent viloyatida joylashgan 7 va 13-sonli jazoni ijro etish koloniyalaridagi sharoitlar o‘rganildi.
Monitoringlar davomida yopiq muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning yotoq joylari, yuvinish xonalari, oshxona, tibbiyot bo‘limi, tergov va advokatlar xonasi, kutubxona, sayilgoh, tintuv xonasi, uchrashuv xonalari, mehnat va kasb-hunar o‘rganish imkoniyatlari, oziq-ovqat va dori-darmon taʼminoti hamda video kuzatuv kameralari holati ko‘zdan kechirildi.
Shuningdek, mahkumlar va boshqa saqlanayotgan shaxslar bilan jamoaviy va yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilib, ularning murojaatlari eshitildi. Yopiq muassasalarga o‘rnatilgan “Ombudsman quti”lari orqali kelib tushgan murojaatlar ham nazoratga olindi.
Toshkent viloyatidagi 13-sonli jazoni ijro etish koloniyasida saqlanayotgan mahkum Ombudsmanga nogironlik aravachasi bilan taʼminlash bo‘yicha murojaat qilgan edi. Kuni kecha ushbu muassasaga amalga oshirilgan monitoring tashrifi doirasida mahkum bilan uchrashuv o‘tkazilib, uning murojaati joyida hal etildi.
Aniqlanishicha, II-guruh nogironi bo‘lgan mahkum 2015 yildan buyon og‘ir suyak-bug‘im kasalligi bilan kurashib kelmoqda va yurish uchun hatto tayanch hassa ham yordam bermayotgani maʼlum bo‘ldi. Shu sababli, Ombudsman tomonidan uni nogironlik aravachasi bilan taʼminlash chorasi ko‘rildi.
Monitoring yakunlariga ko‘ra, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan mutasaddi vazirlik va idoralarga Ombudsman taʼsir choralari kiritiladi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati