Ushbu xabar mahkumlarning Ombudsmanga erkin va ishonchli murojaat etish huquqini cheklashga oid ekani nuqtai nazaridan holat Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) tomonidan har tomonlama o‘rganildi.
Qayd etish lozimki, mazkur koloniyadagi “Ombudsman quti”lari bir oy muqaddam Ombudsman Devoni xodimlari tomonidan tekshirilib, murojaatlar qabul qilib olingan edi.
Ombudsman xodimlari hamda “Yuksalish” xarakati vakili tomonidan holat joyiga chiqib o‘rganilganda, “Ombudsman quti”lariga quyilgan qo‘rg‘oshin muxrlari buzilmagani hamda qutilar ochilmagani aniqlandi. Bu esa, qutilarga tashqi aralashuv bo‘lmaganini tasdiqlaydi. Qutilar ko‘rilib muxri buzilmaganligi yuzasidan Ombudsman Devoni xodimlari, “Yuksalish” xarakati vakili hamda koloniya raxbari va xodimlari ishtirokida dalolatnoma tuzildi.
Shuningdek, qutidan mahkum M.Maxsudovning ham Ombudsmanga yo‘llagan murojaati qabul qilindi va nazoratga olindi.
Maʼlumot uchun: “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) to‘g‘risida”gi Qonunning 24-moddasiga ko‘ra, jazoni ijro etish muassasalarining har bir turar joy sektorida, sanoat zonalarida, qisqa va uzoq muddatli uchrashuvlarni o‘tkazish uchun mo‘ljallangan binolarda mahkumlar murojaatlarni qoldirishi uchun qulay bo‘lgan joyda Ombudsmanga murojaatlar qutisi o‘rnatiladi. Ombudsman qutisi faqat Ombudsman yoki uning Devoni xodimlari tomonidan bir oyda kamida bir marta ochiladi.
Qayd etish lozimki, mahkumlarni Ombudsmanga “Ombudsman qutisi” orqali murojaat etish huquqlari O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksida ham belgilangan. Shu bois, Ombudsman qutisiga har qanday noqonuniy aralashuv holatlari qattiq nazorat qilinishi va bunday holatlar yuzaga kelganda, qonuniy choralar ko‘rilishi maʼlum qilinadi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati