Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yalpi majlisida Ombudsmanning 2024-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi ma’ruzasi ko‘rib chiqildi
2025-yilning 13-fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda dastlab, Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman)ning 2024-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi ma’ruzasi ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, 2024-yilda Ombudsman nomiga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy davlatlar fuqarolari va ombudsmanlari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan 23422 ta murojaat kelib tushdi. Jumladan, fuqarolardan Ombudsmanning “10-96” qisqa raqamli ishonch telefoniga hamda 2024-yilning may oyida ishga tushgan ombudsman.uz mobil ilovasi orqali 4748 ta murojaat kelib tushdi. ombudsman.uz ilovasi orqali fuqarolarga murojaatlarni 24/7 yuborish, murojaat holatini monitoring qilish, OneID orqali tez oson ro‘yxatdan o‘tish, javob xatlarini yuklash va qabul qilish, murojaatlarni o‘zbek, rus va ingliz tillarida yuborish, onlayn maslahat olish imkoniyati yaratildi.

2024-yilda Ombudsman tomonidan murojaatlarni o‘rganish natijasida inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi qonunbuzilish holatlari, ularga imkon beruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish yuzasidan davlat organlari va idoralariga, mansabdor shaxslarga 182 ta taqdimnoma, talabnoma, ariza va da’vo arizalari hamda xulosa shaklidagi ta’sir choralari kiritilgan.

Murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra, 2024-yilda fuqarolar manfaatida undirilgan va undirish belgilangan mablag‘lar 4,12 mlrd.so‘mni tashkil etdi. Shundan 1,83 mlrd.so‘mi ish haqi va mehnat munosabatlariga, 1,49 mlrd.so‘mi qarzdorlik, kompensatsiya va boshqa huquqiy munosabatlarga to‘g‘ri keldi.

2024-yilda Ombudsman va Jamoatchilik guruhlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga 902 marotaba (2023-yilda 603 marotaba) monitoring tashriflari amalga oshirilgan.

Majlisda Ombudsmanning huquqiy tahlil, xalqaro hamkorlik, huquqiy targ‘ibot va jamoatchilik bilan aloqalar yo‘nalishidagi faoliyatlari yuzasidan ham ma’lumotlar berildi.

Deputatlar Ombudsmanning o‘tgan yildagi faoliyati yakunlari bo‘yicha taqdim etgan ma’ruzasini ijobiy baholashdi.

Majlisda ko‘rib chiqilgan masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati