Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Kosondagi 10-sonli Jazoni ijro etish koloniyasidagi holat o‘rganildi - Ombudsman
Ijtimoiy tarmoqlarda “Kosondagi JIEMda himoyamdagi shaxsga kuchli bosim bo‘lmoqda. Koloniya rahbariyati menga ham tahdid qilyapti” sarlavhasi ostidagi eʼlon qilingan xabar Ombudsmanning Qashqadaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan jamoatchilik vakillari bilan birga zudlik bilan monitoring amalga oshirilgan holda o‘rganildi.

Maʼlum bo‘lishicha, xabarda qayd etilgan mahkum G‘.B. Jinoyat kodeksining bir qator moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, 14 yilga ozodlikdan mahrum etilgan va tayinlangan jazoni o‘tash uchun joriy yilning avgust oyidan Qashqadaryo viloyati, Koson tumanidagi 10-son Jazoni ijro etish koloniyasiga etap orqali keltirilgan.

O‘rganish davomida, mahkum G‘.B. bilan xabarda qayd etilgan holatlar yuzasidan holi tarzda suhbat o‘tkazildi.

Suhbat davomida, mahkum G‘.B. koloniyada jazo o‘tayotgan boshqa mahkumlar va ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan tazyiq yoki bosim bo‘lmayotganligini aytib, internetda tarqalgan xabarlardan xabari yo‘qligini bayon qildi. Shuningdek yotoq joylari issiq ekanligini va oziq-ovqat bilan taʼminlanayotganligini, sog‘lig‘ida ham muammo yo‘qligini, kiyim-bosh ajratilganligini maʼlum qildi.

Mahkum G‘.B.ning tanasi ko‘zdan kechirilganida unda tan jarohati va qo‘lining bilak qismida qo‘l kishani izlari aniqlanmadi. Shunday bo‘lsada, sud-tibbiy ekspertiza tekshiruvi o‘tkazilishi tayinlandi. Eslatib o‘tamiz, xabar eʼlon qilingan kunning ertasi kuni o‘rganilgan.

Monitoring tashrifi davomida mahkum G‘.B. bilan birga jazo o‘tayotgan 50 ga yaqin mahkumlar bilan jamoaviy va 12 nafar mahkum bilan holi tarzda suhbatlar o‘tkazildi. Suhbatlar davomida, mahkumlardan shikoyatlar kelib tushmadi.

Shuningdek, mahkumlarning uzoq muddatli uchrashuvga kelgan yaqin qarindoshlari bilan suhbatlashildi. Suhbatlarda ular tomonidan ham shikoyatlar kelib tushmadi.

Koloniya maʼmuriy binosida advokatlar uchun bitta uchrashuv xonasi ajratilganligi va ushbu xonada video va audioyozuv moslamalari o‘rnatilmaganligi aniqlandi.

Xabarni to‘liq o‘rganish maqsadida, koloniya rahbariyati bilan suhbatlashilganida, ular haqiqatdan ham mahkum G‘.B.ning himoyachisi bilan telefon orqali suhbatlashganliklarini, suhbat davomida advokatlik guvohnomasi va ruxsatnomasi hamda himoya orderi orqali himoyasi ostidagi shaxs bilan uchrashishi mumkinligini tushuntirishga harakat qilganliklari, va zaruriyat bo‘lsa advokatlik ruxsatnomasini tekshirib ko‘rishlari ham mumkinligini aytishganligini maʼlum qilishdi.

Tegishli hujjatlar o‘rganilganida, himoyachi Z.Komilova himoyasi ostidagi mahkum G‘.B. bilan 10-sonli koloniyada 4 marta, xususan, 28.10.2024 yil, 02.11.2024 yil, 09.11.2024 yil va 30.11.2024 yil kunlari qonuniy tartibda uchrashganligi, mahkum G‘.B. koloniya tibbiyot bo‘limga murojaat qilmaganligi va “Astma” kasalligi bo‘yicha ro‘yxatda turmasligi maʼlum bo‘ldi.

Shuningdek, murojaatda ko‘tarilgan mahkumni koloniyadan turmaga o‘tkazish masalasi Jinoyat-ijroiya va Jinoyat-protsessual kodekslariga ko‘ra, jazoni o‘tash davrida ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarning saqlash sharoiti, yaʼni koloniyadan turmaga o‘tkazish yo‘li bilan og‘irlashtirilishi bevosita koloniya maʼmuriyati tomonidan emas, balki sud orqali, uning qarori asosida amalga oshiriladi.

Maʼlumot uchun: Ombudsmanning 10-96 qisqa raqamli Ishonch telefoni haftaning ish kunlari soat 9:00dan 13:00gacha va 14:00dan 18:00gacha muntazam ravishda ishlaydi. Ombudsman Devonining xodimlari tomonidan har bir qo‘ng‘iroq ro‘yxatga olinib, belgilangan tartibda qonuniy hal etish choralari ko‘rib borilmoqda.

Bundan tashqari Ombudsmanga ombudsman.uz sayti hamda Ombudsman mobil ilovasi orqali elektron hamda Ombudsman Devoni xodimlarining qabullari va Ombudsmanning hududlardagi mintaqaviy vakillari orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilish mumkin.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati