Xorazm viloyatidan yuborilgan murojaatda bir guruh fuqarolar Urganch shahrining asosiy ko‘chalaridan biri bo‘lgan, transport harakati serqatnov bo‘lgan asosiy yo‘l-Xonqa ko‘chasiga svetofor o‘rnatilishida amaliy yordam so‘rashgan edi. Mazkur murojaat Ombudsmanning Xorazm viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan viloyat IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi bilan hamkorlikda joyiga chiqib o‘rganildi. O‘rganish davomida maʼlum bo‘lishicha, haqiqatdan ham mazkur chorrahada avtomobillar oqimi va avariya xavfi juda yuqori hamda hududdagi aholi yo‘l kesishmasidan o‘tishda qiyinchiliklarga duch kelayotgani aniqlandi. Natijada Urganch shahar, Xonqa ko‘chasidagi mazkur chorrahaga svetofor o‘rnatildi. Shuningdek, yo‘l harakati qatnashchilarning xavfsizligini taʼminlash maqsadida tegishli yo‘l belgilari o‘rnatilib, piyodalar o‘tish yo‘lagi chizildi.
Qashqadaryo viloyatidan yuborilgan yana bir murojaatda fuqarolar nomiga noqonuniy kredit rasmiylashtirgan firibgarlar qilmishi fosh bo‘lib, sudda aybdor deb topilgan bo‘lsada, fuqaro nomidagi qarzdorlik yechilmagani bo‘yicha shikoyat kelib tushgan. Murojaatchi U.L. nomiga muqaddam sudlangan fuqaro A.T. bank xodimlari va taʼminotchi korxona bilan til biriktirib, soxta hujjatlar asosida 2021 yil iyun oyida 30 mln.so‘m miqdorida kredit rasmiylashtirgan. Jinoyatchilarga jazo tayinlangan, lekin murojaatchi nomiga olingan kredit mablag‘lari uchun qarzdorlik uning bo‘ynida qolib ketgan. Bank tomonidan kreditni so‘ndirish bo‘yicha xabarlar to‘xtamagan. Mazkur holat Ombudsman nazoratiga olinib, uning Qashqadaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan ishga oid hujjatlar o‘rganildi. Amalga oshirilgan ishlar natijasida Qashqadaryo viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hayʼati taftish instansiyasining ajrimi chiqarildi. Unga ko‘ra, murojaatchi “Agrobank” ATB Nishon filiali ishi bo‘yicha fuqaroviy daʼvogar deb eʼtirof etilib, uning nomiga ajratilgan va to‘lanmagan 30 mln so‘m zarar sudlangan A.T.dan “Agrobank” ATB Nishon filiali foydasiga undirilishi belgilandi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati