Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Navoiy viloyatidan yuborilgan murojaatlar tahliliga asosan fuqarolar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ga Navoiy viloyatidan eng ko‘p murojaat yuborilgan tuman aniqlanib, ushbu hudud aholisi tomonidan ko‘tariladigan masalalarga bag‘ishlangan “Ombudsman maktabi” tadbiri o‘tkazildi.

2024 yil 15 oktyabr kuni Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida o‘tkazilgan tadbirda “Paraxun”, “Samarqand”, “Paxtakor”, “Novja”, “Yangirabot”, “Mustaqillik” va “Chechakota” mahallarida yashovchi 100 nafardan ortiq aholi qamrab olindi.

Uchrashuvda ishtirok etgan masʼul idora vakillari ishtirokchilarni aholi bandligini taʼminlash, ularni tadbirkorlikka yo‘naltirish, pensiya, ijtimoiy nafaqa va kompensatsiya to‘lovlarini tayinlash tartibi, ijtimoiy yordam olish, tibbiy xizmatdan foydalanish, sog‘liqni saqlash tizimida belgilangan imtiyozlar, nogironligi bo‘lgan shaxslarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar, ularni ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha qabul qilingan qonun-hujjatlarining mazmun-mohiyati bilan tanishtirishdi.

Fuqarolar bilan ochiq muloqot shaklida o‘tgan tadbirda ushbu hududdan Ombudsmanga yuborilgan murojaatlarda ko‘tarilgan masalalarga alohida eʼtibor qaratildi. Aholi tomonidan berilgan barcha savollarga masʼullar tomonidan batafsil javob berildi.

Shu kuni Ombudsmanning Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakilining sayyor qabuli o‘tkazildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati