Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Qoraqalpog‘istondagi Maxsus qabulxonada qanday kamchiliklar aniqlandi?
2024 yilning 5 sentyabr kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi mintaqaviy vakili J.Shlimbetov Ellikqalʼa tumanidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV Jamoat xavfsizligi xizmati, Jamoat tartibini saqlash boshqarmasi Maxsus qabulxonasiga monitoring tashrifini amalga oshirdi. Unda “Yuksalish” umumilliy harakati hamda “Madad” nodavlat notijorat tashkiloti vakillari ham ishtirok etdi.

Monitoringda Maxsus qabulxonada saqlanayotganlarning yashash sharoitlari,  oshxona, yuvinish xonalari, tibbiyot bo‘limi, kutubxona hamda sayrga chiqish joylari ko‘zdan kechirildi.

Shu bilan bir qatorda, maxsus qabulxonada saqlanayotgan shaxslar bilan jamoaviy va yakka tartibda suhbatlar o‘tkazildi.

Belgilangan sig‘imdan ortiq shaxslar saqlanayotgan mazkur maxsus qabulxonada qator kamchiliklar ham aniqlandi. Jumladan, yuvinish xonalari sanitariya-gigiyena talablariga javob bermasligi, kutubxonada kitoblarning kamligi, shu kunga qadar muassasada saqlanayotgan shaxslarni mehnatga jalb qilish choralari ko‘rilmagani maʼlum bo‘ldi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi “Maʼmuriy qamoqni o‘tash tartibi to‘g‘risida”gi Qonunida maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni rag‘batlantirish va ularga nisbatan qo‘llaniladigan intizomiy jazo choralari tartibi belgilangan bo‘lsada, muassasada saqlanayotgan shaxslarni rag‘batlantirish haqida buyruqlar va ro‘yxatga olish kitobi mavjud emasligi aniqlandi.

Monitoringda aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha muassasa rahbariyatiga Ombudsman mintaqaviy vakili tomonidan tavsiyalar tayyorlandi.

Monitoring tashrifi davomida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan ularni o‘z vaqtida bartaraf etilishini taʼminlash maqsadida mutasaddi vazirlik va idoralarga Ombudsmanning tavsiyalari kiritiladi.

Eslatib o‘tamiz, Ombudsman tomonidan qiynoqlarni oldini olish bo‘yicha monitoring tashriflari yakuni yuzasidan aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha tahliliy maʼlumotlar Oliy Majlis palatalariga taqdim etib kelinmoqda.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati