Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Muruvvat uyida yashovchi ruhiy nosog‘lom ayolni mazax qilingani holati o‘rganildi
2024-yilning 17-may kuni Qalampir.uz sayti va ijtimoiy tarmoqlarda Sirdaryo “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ayollar internat uyida yashaydigan ruhiy nosog‘lom ayolning ustidan mazax qilingani haqidagi xabarlar tarqaldi.

Holat Oliy Majlisning Inson huquqlarining Sirdaryodagi mintaqaviy vakili tomonidan joyiga  borib o‘rganildi. 

Aniqlanishicha, ayolni mazax qilgan xodimalar ushbu muassasaga autsorsing asosida xizmat ko‘rsatadigan tadbirkorlik subyektida ishlagan. Ular muassasa hududida erkin sayr qilib yurgan Ya.S.ni shifokor, hamshira va kichik tibbiy xodimlar (enaga) ruxsatisiz oshxona binosiga olib kirib, ruhiy holatini bila turib mazax qilishgan. Mazkur olingan video tasvir oshxonada ishlovchi xodimlarning telegram gruppasiga tashlagan. 

S.Ya.da aqli zaiflikning og‘ir darajasi sababli xulq atvor buzilishi bilan kechuvchi ruhiy holat tez-tez kuzatiladi. (Yaʼni doimiy ravishda yaqin qarindoshlarini eslab uyimga jo‘nating yoki chaqirib bering deb yig‘lash holatlari yuzaga keladi.)  

2024-yil 17-may kuni Sirdaryo “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ayollar internat uyi rahbari Sirdaryo tumani Ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilib, X.M. va Sh.O.larning xatti-harakatiga O‘zbekiston Respublikasining “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risidagi” Qonuning 3 va 4-moddalari yuzasidan qonuniy chora ko‘rishlik bo‘yicha murojaat qilgan. 

Maʼlum qilinishicha, xodimalar bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan va ular vazifasidan ozod qilingan.

Hozirgi kunda Sirdaryo tumani IIB tomonidan holat yuzasidan surishtiruv ishlarini olib bormoqda. 

Ombudsman mintaqaviy vakili S.Ya. va uning shifokori bilan suhbatlashganda kayfiyati va ruhiy holati yaxshi ekani maʼlum bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, inson shaʼni va  qadr-qimmati oliy qadriyat. Hech kimni uni toptashga va poymol qilishga haqqi yo‘q!

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati