Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Senat Raisi mamlakatimizda mehmon bo‘lib turgan qator davlatlar ombudsmanlari bilan uchrashdi
Senat Raisi Tanzila Narbayeva Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) institutining 29 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun mamlakatimizda mehmon bo‘lib turgan Vengriya, Italiya, Qirg‘iziston, Marokash, Mo‘g‘iliston, Turkiya ombudsmanlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Inson huquqlarini taʼminlash sohasida hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, xalqaro majburiyatlar bajarilishini taʼminlash bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.

Maʼlumot o‘rnida taʼkidlash lozim, O‘zbekiston Ombudsmani tomonidan dunyodagi 50 ga yaqin mamlakatlarning, shu jumladan Amerika, Yevropa, Osiyo, MDH davlatlarining ombudsmanlari bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan.

Dastavval mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, Ombudsman tomonidan fuqarolarning huquq va manfaatlarini samarali himoya qilish borasida qo‘llanilayotgan taʼsir choralari va mexanizmlariga to‘xtalib o‘tildi.

Inson huquqlari sohasiga oid meʼyoriy hujjatlarning qabul qilinishi va takomillashib borishi Ombudsman institutiga fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishdagi vakolatlari hamda natijadorligining oshishiga turtki bo‘lgani aytib o‘tildi.

O‘z navbatida, mehmonlar O‘zbekistonda inson huquq va erkinliklarini taʼminlash yo‘nalishida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuksak baholab, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiq Ombudsman institutiga qonunchilik tashabbusi sifatida parlament quyi palatasiga qonunchilikka oid takliflarni kiritish huquqi berilganligini eʼtirof etdilar.

Konstruktiv va amaliy ruhda kechgan uchrashuv yakunida xorijiy davlatlarning ombudsmanlari bilan o‘zaro tajriba almashish hamda hamkorlik aloqalarini yana-da kengaytirishni davom ettirishga kelishib olindi.


senat.uz