Xalqaro tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘mita raisi, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari, Konstitutsiyaviy sud raisi o‘rinbosari hamda Jamoat xavfsizligi universiteti professorlari, nufuzli huquqshunos olimlar hamda Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, Belarus davlatlaridagi nufuzli oliy o‘quv yurtlarining vakillari o‘z maʼruzalari bilan ishtirok etishdi.
Tadbirga jalb etilgan O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetining talaba va kursantlari hamda tinglovchilari xorijiy davlatlarning konstitutsiyaviy islohotlari bilan ham tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.
Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada taʼkidlanishicha, O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi ijtimoiy adolat, erkinlik va tenglik tushunchalari bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, inson va davlatning huquqiy holatini belgilashda inson huquqlari ustuvorligi, ijtimoiy adolat prinsiplariga asoslanuvchi tamomila yangi konsepsiyaga tayangan bo‘lib, unda ilk bor inson huquqlari ustuvorligi, inson qadri tushunchalari konstitutsiyaviy darajada mustahkamlab qo‘yilgan.
Xalqaro konferensiyada mahalliy va xorijiy ekspertlar o‘z tajribalari bilan bo‘lishib, konstitutsiyaviy islohotlarga doir turli ilmiy-amaliy yondashuvlar atrofida o‘zaro fikr almashishdi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati