Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Oliy sud Plenumi majlisi tafsilotlari
2023 yil 23 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. 

Majlisda Oliy sud sudyalari, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari va maʼmuriy sudlari raislari va sudyalari, Oliy Majlis Senati aʼzolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman), Konstitutsiyaviy sud, Sudyalar oliy kengashi, Sudyalar assotsiatsiyasi, manfaatdor vazirlik va idoralar vakillari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar masʼul xodimlari, huquqshunos olimlar ishtirok etdi.

Yig‘ilishda Oliy sud Plenumining “Odil sudlovni amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi normalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”, “Firibgarlikka oid ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”, “Reabilitatsiya etilgan shaxsga yetkazilgan ziyonni qoplash va uning boshqa huquqlarini tiklash bo‘yicha sud amaliyotining ayrim masalalari to‘g‘risida” va “Intellektual mulkka oid ishlarni ko‘rib chiqishning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarorlari qabul qilindi.

Joriy yil 30 aprel kuni o‘tkazilgan referendumda yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilindi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 8 maydagi “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni bilan tasdiqlangan “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasidan kelib chiqadigan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi”ga muvofiq sud amaliyotida Konstitutsiya normalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llash bo‘yicha zarur asoslarni yaratish maqsadida yagona sud amaliyoti to‘g‘risidagi Oliy sud Plenumi qarorini qabul qilish belgilandi. Qabul qilingan «Odil sudlovni amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi normalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida»gi Plenum qarorida Konstitutsiyaning oliy yuridik kuchga egaligi haqidagi qoida uning normalari barcha qonun va boshqa normativ-huquqiy hujjatlardan ustun turishini inobatga olib, sudlar ko‘rib chiqilayotgan huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi qonun va boshqa normativ hujjatning mazmunini baholashi va zarur hollarda Konstitutsiya normalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi oliy yuridik kuchga ega normativ huquqiy asos sifatida qo‘llashi lozimligi yuzasidan muhim tushuntirishlar berilgan. Mazkur Plenum qarorida sud hujjatlarida huquqiy asos sifatida birinchi navbatda, qoida tariqasida Konstitutsiyaning tegishli normalariga va undan keyin yuridik kuchiga qarab boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga, basharti sohaviy qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar Konstitutsiya normalariga zid bo‘lganligi aniqlansa, faqatgina Konstitutsiya normalariga asoslanilishi lozimligi qayd etildi.