Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Qiynoq holati bo‘yicha Ombudsman munosabati
So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlar orqali surishtiruv va tergov jarayonlarida yoki jazoni ijro etish muassasalarida fuqarolarga jismoniy va ruhiy bosim o‘tkazish, qiynoqqa solishga oid qator xabarlar tarqalib, keng jamoatchilik eʼtirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Qiynoqqa oid xabarlar Ombudsman nazoratiga olinib o‘rganilmoqda. Lekin, kuni kecha Bo‘kada sodir bo‘lgan holat sud tergov jarayonlarida qiynoq deb atalmish illatga hali hanuz yo‘l qo‘yilayotganligini tasdiqlaydi.

Bo‘ka tumanida fuqaroning vafot etishi bilan, tayinlangan birlamchi sud-tibbiy ekspertizasi natijalariga ko‘ra, Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan darhol jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, voqeaga aloqador bo‘lgan 2 nafar tezkor xodimlar hibsga olinganini Ombudsman ijobiy baholaydi.

Aslida biz huquqlarimiz himoyachisi sifatida biladigan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari orasida Bo‘kadagi holat misolida qonunga xilof ish ko‘ruvchi xodimlar borligi juda achinarli. Tizimda ishlovchi barcha xodimlar shunday degan fikrdan yiroqmiz, so‘nggi yillarda qiynoqqa qarshi kurashish borasidagi islohotlarni eʼtirof etishimiz lozim. Lekin, davlat siyosatiga qarshi turib, o‘z xizmat faoliyatida ruhiy va jismoniy qiynoqqa yo‘l qo‘yayotgan “xodimlar” bor ekan, fuqarolarda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga nisbatan ishonchsizlik yuzaga keladi.

Shu o‘rinda aytish kerakki, qiynoq bu jamiyat tanasidagi kasallik. Uni davolash uchun avvalo shaffoflik taʼminlanishi kerak. Chunki aynan shaffoflik- qiynoqlarni barvaqt oldini olishning taʼsirchan vositalaridan biri. Mamlakatdagi ochiqlik siyosati sabab shu kabi og‘riqli holatlar tilga olinib, unga jamoatchilik eʼtibori qaratilmoqda.

To‘g‘ri qiynoq ko‘plab rivojlangan davlatlarning ham global muammolaridan biridir. Qiynoq insonning fundamental huquqlarining buzilishi hisoblanadi. Mutaxassislarning fikricha, qiynoq insonga uzoq muddatli psixologik taʼsirga ega bo‘lgan, shaxs sifatida yo‘q qilishga qaratilgan xatti-harakat sifatida baholanadi. Inson qadri tamoyili ustuvor bo‘lgan O‘zbekiston qiynoqqa qarshi kurashish bo‘yicha o‘zining mustahkam va keskin pozitsiyasiga ega. So‘nggi yillarda qiynoq holatlariga yo‘l qo‘ygan xodimlarga nisbatan jazo choralari og‘irlashtirilib, hattoki, ularga nisbatan afv qo‘llanilmasligi qatʼiy belgilab qo‘yildi.

Qolaversa, mansabdor shaxslarning noqonuniy harakatlari uchun javobgarlikka tortish maqsadida qonunchilikka alohida modda kiritilgan va qiynoqni qo‘llagan shaxsga nisbatan og‘irlashtiruvchi normalar qo‘llanilishi belgilangan. Jinoyat Kodeksining 235-moddasi qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutadi.

Yangilangan Konstitutsiyamizda ham agar shaxsning o‘z aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emasligi belgilandi. Bu bilan qiynoq holatlarini keltirib chiqaruvchi omillar ildizi qirqilmoqda.

Qiynoq holatlarini aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha Ombudsman boshchiligida Milliy preventiv mexanizm doirasida jamoatchilik guruhlari bilan birga penitensiar muassasalarga doimiy ravishda monitoring tashriflari amalga oshirilib, u yerdagi sharoitlar tizimli ravishda o‘rganilmoqda. U yerda saqlanayotgan shaxslar orasida anonim so‘rovnomalar o‘tkazilmoqda. Mahkum va mahbuslar bilan holi tarzda suhbatlashib, qiynoqlar qo‘llanilganiga oid murojaatlar kelib tushganda, holat darhol nazoratga olinmoqda. Qolaversa, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan qiynoq qo‘llanilganiga oid xabarlar ham joyiga chiqib o‘rganilib, qiynoq alomatlari mavjud bo‘lgan hollarda ish ko‘rib chiqish uchun prokuratura organlariga yuborilmoqda. Bo‘kadagi holat ham Ombudsman nazoratida bo‘ladi.

Gumonlanuvchi yoki ayblanuvchilar surishtiruv va tergov jarayonida kaltaklanib, vafot etishi mumkin emas. Kuch ishlatish uslubi dan foydalangan xodimlarni aniqlash va ularga qatʼiy chora ko‘rish, tizimdagi xodimlar malakasi va faoliyatini birma-bir tahlil qilish, zo‘ravonlar va sustkashlardan voz kechish kerak. Zero, bugungi davlat siyosati inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan. Shu nuqtai nazardan bu boradagi qadamlar izchil bo‘lishi lozim. Biz aybdor shaxslarni qatʼiy jazoga tortishga chaqiramiz.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati