Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
AYOL SUDYALARNING ODIL SUDLOVNI TAʼMINLASHDAGI HISSASI
2023 yil 11 mart kuni Toshkentda «Ayol sudyalarning odil sudlovni taʼminlashdagi hissasi» mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

BMT Bosh Assambleyasining 2021 yil 28 apreldagi 75/274-sonli rezolyutsiyasi bilan 10 mart – Xalqaro ayol sudyalar kuni deb eʼlon qilingan.

Ushbu sana munosabati bilan Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi, AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) hamda “East-west management institute” NTT O‘zbekistondagi filialining “Sud tizimini mustahkamlash” (JSSA) qo‘shma loyihasi hamkorligida tashkil etilgan nufuzli anjumanda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan ayol sudyalar bilan bir qatorda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Moldova va Serbiya davlatlaridan xorijiy ekspert sifatida ayol sudyalar ham ishtirok etdi.

Konferensiyada Sudyalar oliy kengashi raisi Xolmo‘min Yodgorov, Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva, Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari Robaxon Mahmudova, AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi Demokratiya va boshqaruv ofisi direktori Fey Xaselkorn va Ayol sudyalar xalqaro assotsiatsiyasi prezidenti Syuzan Gleyzbruk, Bosh vazir o‘rinbosari Zulayho Mahkamova, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova va Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Ozoda Parpiboyevalar so‘zga chiqib, konferensiya qatnashchilarini Xalqaro ayol sudyalar kuni bilan muborakbod etdilar.

taʼkidlanganidek, bugungi kunda sud tizimida faoliyat yuritayotgan ayol sudyalar o‘zlarining yuksak bilimi, aql-zakovati bilan jamiyatda qonun ustuvorligi va adolat barqarorligini taʼminlashga munosib hissa qo‘shmoqdalar.

Sud tizimida ayollar hissasini oshirish nafaqat xotin-qizlar huquqlarini himoya qilishda, balki qonun ustuvorligini mustahkamlash, gender tengligini taʼminlash uchun ham zarurligi qayd etildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova sudyalik lavozimlariga munosib nomzodlarni tanlash va tayinlash jarayoni ochiq tanlov va muqobillik asosida o‘tkazilayotganiga to‘xtalar ekan, ushbu jarayonlarda sudya ayollar qatori yildan yilga kengayayotganiga eʼtibor qaratdi.

- Xorijiy davlatlar amaliyotida ayol sudyalarning ko‘payishi, ishlarni ko‘rib chiqishda yangicha yondoshuv va tajribalarning o‘zlashtirilishiga, aholining sud hokimiyatiga bo‘lgan ishonchining oshishiga, Xattoki korrupsiyaviy holatlarning kamayishiga olib kelishi kuzatilgan. Shuning uchun ham sud tizimida ayol sudyalar sonining oshishi muhimdir – Inson huquqlari bo‘yicha Ombudsman.

Maʼlumot uchun: O‘zbekistonda bugungi kunda 182 nafar ayol sudya faoliyat ko‘rsatmoqda, ularning 26 nafari rahbar sudyalik lavozimiga tayinlangan.

Anjuman doirasida odil sudlovni amalga oshirishdagi samarali mehnati uchun 30 nafar ayol sudya Oliy sudning faxriy yorliqlari bilan taqdirlandi. Shuningdek, Sudyalar oliy kengashi tomonidan sud tizimida yuksak obro‘-eʼtibor qozongan, sudyalik burchini benuqson va halol amalga oshirgan, jamiyatda odil sudlovga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash va yosh sudya kadrlarni yetishtirishga o‘zining munosib hissasini qo‘shgan 8 nafar ayol sudyaga “Sud faxriysi” ko‘krak nishoni va 5 nafar ayol sudyaga esdalik sovg‘alari topshirildi. Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Moldova va Serbiyadan tashrif buyurgan ayol sudyalar ham esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Konferensiyada ayollarning sudyalik kasbiga erishish imkoniyatlari masalasiga alohida eʼtibor qaratilib, yuridik taʼlim, sudyalarning malaka oshirishi va nomzodlarni tayyorlash, ixtisoslashgan taʼlimga oid masalalar muhokama etildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati