Xususan, monitoring davomida bolalar uchun yaratilgan sharoitlar, ularning sog‘lom ovqatlanishi, taʼlim olishi, yotoq joylari, ularning sport bilan shug‘ullanishlari va boshqa holatlar o‘rganildi.
Bundan tashqari, Bolalar Ombudsmani markazda vaqtincha saqlanayotgan bolalar bilan yakka tartibda suhbat o‘tkazdi, ularning ijtimoiy ahvoli, Markazga kelib tushish sabablarini o‘rgandi.
Monitoring jarayonida ishtirok etgan davlat tashkilotlarining masʼul xodimlariga bolalarni tezroq o‘z oilasiga qaytarish, ijtimoiy ahvoli og‘ir bo‘lgan oilalarga amaliy yordam ko‘rsatgan holda bolalar nazoratsizligining oldini olishga qaratilgan bir qator taklif va tavsiyalar berildi.
Shuningdek, Vakil Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahridagi Voyaga yetmaganlarga huquqiy yordam ko‘rsatish markazida joriy yilning 17 oktyabr kuniga qadar saqlangan, Uchko‘prik tumani “Sulton” mahalla fuqarolar yig‘inida yashagan marhum 9-sinf o‘quvchisi A.R.ning xonadonida bo‘lib, bolaning onasi va yaqin qarindoshlariga hamdardlik bildirdi. Vakil bo‘lib o‘tgan voqea nazoratga olinganligini va bolaning vafotida aybdor bo‘lgan shaxslarga nisbatan sud tomonidan qonuniy jazo berilishini taʼkidladi.
Shu bilan birga, Markazda monitoring davomida aniqlangan xato va kamchiliklar bartaraf etilishi yuzasidan tegishli vazirlik hamda idoralarga Bola huquqlari bo‘yicha vakilning taklif va tavsiyalari yuboriladi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati