Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Inson va tadbirkorlik huquqlari bo‘yicha Ombudsmanlarning ilg‘or tajribalari o‘rganildi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha Vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova 19-20 oktyabr kunlari Ozarbayjon Respublikasi Ombudsman institutining 20 yilligi munosabati bilan Baku shahrida tashkil etilgan xalqaro konferensiyada ishtirok etdi.

“Tadbirkorlik va inson huquqlari masalalarida Ombudsman va Inson huquqlari bo‘yicha Milliy institutlarning roli” mavzusiga bag‘ishlangan nufuzli xalqaro konferensiyaga O‘zbekiston, Turkiya, Xitoy, Yaponiya, Moldova, Indoneziya, Eron, Koreya, Qozog‘iston, Pokiston Respublikalari va Marokko qirolligidan Ombudsmanlar va milliy institutlar rahbarlari va xalqaro ekspertlar taklif etilgan.

Konferensiyani tashkil etishdan asosiy maqsad - biznes va inson huquqlari sohasida tajribaga ega bo‘lgan Ombudsmanlar va inson huquqlari bo‘yicha Milliy institutlarni hamda manfaatdor tomonlarni birlashtirish, rahbariy tamoyillarni amalga oshirishdagi tendensiyalar va muammolar bo‘yicha munozaralarga ko‘maklashish, biznes va inson huquqlari masalalari bo‘yicha muloqot va hamkorlikni rivojlantirish va o‘zaro tajriba almashish uchun muloqot maydonini yaratishdan iborat.

Xalqaro konferensiya sessiyalarida iqtisodiy va ijtimoiy huquqlarni himoya qilishda Ombudsmanlar va inson huquqlari bo‘yicha Milliy institutlarning o‘rni, BMTning biznes va inson huquqlariga oid rahbariy tamoyillarini amalga oshirishning hozirgi tashabbuslari, imkoniyatlari va muammolari, BMTning biznes va inson huquqlariga oid rahbariy tamoyillarini amalga oshirishda ombudsmanlar va inson huquqlari bo‘yicha Milliy institutlarning o‘rni, noto‘g‘ri boshqaruvni bartaraf etishda Ombudsmanlar va inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning o‘rni kabi mavzularda muhokamalar tashkil etildi.

Tadbirda so‘z olgan O‘zbekiston respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova Ozarbayjon Ombudsmani institutini 20 yilligi bilan qutlab, o‘zaro hamkorlik aloqalarni yana-da mustahkamlashga tayyor ekanini bildirdi.

Shuningdek, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) mamlakatimizda inson huquqlarini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga to‘xtalar ekan, Ombudsmanning fuqarolarning huquq va manfaatlarini samarali himoya qilishda qo‘llayotgan taʼsir choralari va mexanizmlar, penitensiar muassasalarga amalga oshirilayotgan monitoring tashriflari va institut faoliyatning ochiqligini taʼminlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida o‘z tajribasi bilan bo‘lishdi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati