Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha O‘zbekiston siyosati va uning natijalari haqida ekspertlar qanday fikrda?
Mamlakatimizda fuqarolar huquq va erkinliklari kafolatlarini yana-da kuchaytirish, jumladan, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoxud qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash holatlariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Qolaversa, qiynoqqa solishning barvaqt oldini olish, u bilan bog‘liq murojaatlarni tezkor ravishda xolisona ko‘rib chiqish, harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga monitoring tashriflarini muntazam amalga oshirish bo‘yicha ham tizimli ishlar yo‘lga qo‘yildi. Muxbirimiz mazkur sohada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, erishilgan yutuq va natijalar, kelgusidagi ustuvor vazifalar xususida tegishli idoralar mutasaddilari, mahalliy hamda xorijiy ekspertlar fikri bilan qiziqdi.

Feruza ESHMATOVA, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman):

— O‘zbekiston qiynoqlarning oldini olish hamda uning har qanday ko‘rinishiga qarshi kurashish bo‘yicha o‘zining qatʼiy pozitsiyasiga ega. Davlatimiz rahbari 2021 yilning 22 fevral kuni BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasida nutq so‘zlaganida ham aynan shu masalaga eʼtibor qaratdi.

Bu so‘zlarning amaliy natijasi sifatida 2021 yilning 26 iyunida “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi. Bu hujjat nafaqat ushbu illatni barvaqt aniqlash, bartaraf etish, balki qiynoqdan jabr ko‘rgan insonlarga har tomonlama yordam berish va ularga yetkazilgan zararni kompensatsiya qilishga qaratilganligi bilan ham ahamiyatlidir.

Ushbu qarorda Ombudsman institutiga ham qator vazifalar yuklandi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda Ombudsman ekspertlik guruhi negizida Jamoatchilik guruhlarini tuzish va ularga gauptvaxta, maxsus qabulxona, vaqtincha saqlash hibsxonasi, tergov hibsxonasi, jazoni ijro etish muassasasi, intizomiy qism, majburiy davolash muassasalarida qiynoqqa solishning oldini olish bo‘yicha monitoring tashriflarini muntazam ravishda amalga oshirish vazifasi yuklatildi.

O‘tgan yil davomida Ombudsman va uning huzuridagi Jamoatchilik guruhlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga 177 marotaba monitoring tashriflari amalga oshirildi. Mazkur monitoring tashriflari ochiq va shaffof holda yoritib borilyapti. Qolaversa, Ombudsmanning inson huquqlarini taʼminlash bo‘yicha yillik hisobotlari va qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha Oliy Majlis palatalariga taqdim etgan yillik maʼruzasi ombudsman.uz saytiga joylashtirilgan va barcha uchun ochiq.

O‘zbekiston inson qadrini yuksaltirish yo‘lidan bormoqda. Oldinda belgilangan marralarimiz ko‘p, natijalarimiz ham eʼtirofga loyiq. O‘ylaymanki, inson huquq va manfaatlarini taʼminlash borasidagi islohotlar zanjiri o‘zining ijobiy natijalarini yil sayin ko‘rsataveradi. 

Finnuala Ni ILOYN, BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining Terrorizmga qarshi kurashishda inson huquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilish masalalari bo‘yicha maxsus maʼruzachisi:

— Mamlakatingizda inson huquqlarini taʼminlash, qiynoq holatlari va ularni keltirib chiqaruvchi sabablarni bartaraf etishga qaratilgan ishlar alohida eʼtirofga loyiq.

O‘tgan yilning noyabr-dekabr oylarida O‘zbekistondagi bir nechta jazoni ijro etish muassasalari hamda tergov hibsxonasi faoliyati bilan tanishgan ekspert sifatida shuni aytishim mumkinki, qamoqxonalardagi shart-sharoitlar yaxshi. Shuningdek, mahkum va mahbuslarga ko‘rsatilayotgan tibbiy, psixologik xizmat, ularni ish bilan taʼminlash, oila aʼzolari bilan uchrashish uchun sharoitlar yaratilgan, qolaversa, ruhiy va jismoniy qiynoq yoki ularning huquqlari poymol etilganligi holatlari bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri Ombudsman qutilari orqali murojaat qilish imkoniyati yaratilganini ham yaxshi amaliyot, deya baholash mumkin.

Nadin MAENZA, AQSHning Xalqaro diniy erkinlik bo‘yicha komissiyasi raisi:

— O‘zbekistonga joriy yilda tashrif buyurgan ekspert sifatida so‘nggi to‘rt yil ichida mamlakatda diniy erkinlik, qamoqxonalarda diniy amallarni bajarish borasida izchil o‘zgarishlar amalga oshirilgan, deb ayta olaman.

Mamlakatingizda bo‘lganimda  qator mansabdor shaxslar, fuqarolik jamiyati vakillari hamda din yetakchilari bilan uchrashdim. Haqiqatan ham O‘zbekiston so‘nggi yillarda ijobiy va sezilarli o‘zgarishlarga erishgan, bundan keyin ham diniy erkinlikning yana-da ochiq shartlariga o‘tayotgani meni quvontirdi.

 

Abdurahmon TASHANOV, O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi:

Milliy preventiv mexanizm doirasida amalga oshirilayotgan monitoringlar jamoatchilik orasida muhokamalarga sabab bo‘lib, o‘z samarasini berayotganidan g‘oyat mamnunmiz.

Chunki juda ko‘pchilik ijtimoiy tarmoqlarda va ommaviy axborot vositalarida ishlarimizni ijobiy baholashyapti. Bundan tashqari, jazoni ijro etish muassasalari ham monitoringlarimizdan keyin bergan tavsiyalarimizni bartaraf etib, kamchiliklarini to‘g‘irlab olishyapti.

Ombudsman boshchiligida o‘tkazilayotgan monitoring tashriflarida jazo o‘tayotgan shaxslarga qiynoqlar qo‘llanilmayotgani va ular yaxshi sharoitda saqlanayotganini ko‘rib, OAV va ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan hamma maʼlumotlar ham to‘g‘ri emasligidan hursand bo‘ldik.

 

Aʼzamjon FARMONOV, O‘zbekiston inson huquqlari Huquqiy tayanch jamoat birlashmasi raisi:

Monitoring tashriflarida ayrim mahkumlar bilan yuzma-yuz gaplashish imkoniyatiga ega bo‘layapmiz. U yerdagi sharoit bundan 3-4 yil oldingi vaqtga nisbatan juda keskin farq qiladi. Mahkumlarning yashash sharoitlari yaxshilangan hamda ularga turli xil kasb egallash bilan bog‘liq imkoniyatlar taqdim qilingan.

Men jazoni ijro etish joyida asosiy eʼtibor bergan narsa, bu ruhiy va jismoniy qiynoqlar qay holatda, degan savolga javob izlash bo‘ldi. Aynan Jinoyat kodeksining 159-, 244-moddalari bilan jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar bilan ham suhbatlashdim va biror bir mahkumdan ruhiy jismoniy qiynoqlar haqida eshitmadim.

O‘zimning sobiq mahkum ekanligim, qiynoqlar bo‘layotgan bo‘lsa tortinmasdan gapirishlari mumkinligini aytganimda, ular hozir avvalgidek qiynoqlar yo‘qligi, faqat ozodlik yetishmayotgani, o‘z oilalarini sog‘inganliklarini bildirdi. Ularning yashash sharoitlari, oziq-ovqati va boshqa sharoitlarni kirib o‘rgandim va hech qanday qoniqarsiz holatni uchratmadim.

 

Shuhrat G‘ANIYEV, “Gumanitar huquqiy markaz” direktori:

— Ombudsmanning qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha Milliy preventiv mexanizm doirasida penitensiar muassasalarga amalga oshirilayotgan monitoring tashriflarida 2019 yildan beri ishtirok etib kelaman. Fuqarolik jamiyati vakili sifatida aytishim mumkinki, bu muloqot bizga juda kerak. Nafaqat bizga, balki davlat organlariga ham. Chunki biz ikki tomonlama monitoringlarda ishtirok etish bilan samarali shaffoflikka erishishimiz mumkin. Chunki bir tomonlama shaffoflik hech qachon bo‘lmaydi. Va albatta, bizga davlat tomonidan bildirilayotgan ishonch biz uchun katta yordam.

Jazoni ijro etish muassasalari, tergov hibsxonalari, vaqtinchalik saqlash joylari, izolyator, shuningdek, pandemiya sharoitida Xorazm va Buxoro viloyatlaridagi karantin xududlari va boshqa obyektlarga o‘tkazilgan monitoring tashriflarida fuqarolik jamiyati vakili sifatida hech qanday to‘siqlarga uchramadik.

Uchrashuvlar jarayonida aynan qiynoq masalasida 3 ta murojaat kelib tushdi. Lekin, qayd etish joizki, hozirgi paytgacha haqiqatda qiynoq bo‘lgan, deya olmayman. Chunki, bizga murojaat qilganlarning aksariyati biroz bo‘lsa-da yengillik bo‘lishi yoki sharoitini yaxshilab olish maqsadida qiynoq masalasida ariza yozishadi. Afsuski, bunday holatlar ham uchraydi. 

Rahim SHERQULOV

(“Xalq so‘zi”) yozib oldi.