Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning 2021 yildagi murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha faoliyat natijalariga bag‘ishlangan brifing
Ombudsman nomiga 2021 yilda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy davlatlar fuqarolari va ombudsmanlari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan jami 18 738 ta murojaat kelib tushdi.

Ombudsman faoliyatini tartibga soluvchi O‘zbekiston Respublikasi “Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) to‘g‘risida”gi Qonunining 10-moddasida Vakil O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, mamlakat hududidagi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning o‘z huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini buzayotgan tashkilotlar yoki mansabdor shaxslarning harakatlari yoxud harakatsizligi ustidan bergan shikoyatlarini ko‘rib chiqishi va o‘z tekshiruvini o‘tkazish huquqiga ega ekani belgilangan. Fuqarolar o‘rtasidagi ziddiyatli va nizoli masalalarni ko‘rib chiqish Ombudsman vakolatiga kirmaydi.

Shuningdek, mazkur moddaning 7 bandida Vakil sud va tergov organlarining vakolat doirasiga kiradigan masalalarni ko‘rib chiqmasligi alohida belgilangan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, hisobot davrida Ombudsman tomonidan parlament nazorati subyekti sifatida 11 257 ta murojaat o‘z ish yurituviga olingan.

Kelib tushgan murojaatlar hududlar kesimida tahlil qilinganda, eng ko‘p murojaatlar Toshkent shahridan 2588 ta, Qashqadaryo viloyatidan 2530 ta, Surxondaryo viloyatidan 2000 ta yuborilgani aniqlandi.

Murojaatlarda eng ko‘p ko‘tarilgan masalalar sifatida fuqarolarning shaxsiy mulkka bo‘lgan huquqlari va mehnat huquqlarini taʼminlash, ijtimoiy imtiyoz va nafaqalar, moddiy yordam olish, insonparvarlik aktini tadbiq etish, sud-tergov jarayonlari, fuqarolarning davlat organlari va muassasalariga murojaat qilish huquqlarini taʼminlash kabilarni keltirish mumkin.

Davlat organlari va tashkilotlari va sudlarga fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan 14 ta taqdimnoma, 36 ta xulosa, 44 ta daʼvo arizalari kiritilgan.

Ombudsman tomonidan kiritilgan taqdimnomalar vazirlik va idoralarning kengaytirilgan majlislarida muhokama qilinib, jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash hamda ijro intizomi talablarini buzgan va o‘z faoliyatida masʼuliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan 82 nafar xodimga nisbatan “hayfsan”, 9 nafar xodimga nisbatan “jarima” intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan va 8 nafar xodim egallab turgan vazifasidan ozod qilingan. 

Qayd etish lozimki, umumiy hisobda Ombudsmanning 2021 yilda taʼsir choralarini qo‘llashi va ularning samaradorligi 2020 yilga nisbatan 2,4 barobarga oshgan.

2021 yilda Ombudsman Qonunda belgilangan vakolatidan foydalanib, jismoniy shaxslarning mulk huquqlari kafolatlari masalasida ilk marotaba O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga ko‘rib chiqish uchun 1 ta masala kiritdi.

Shuningdek, Ombudsman xodimlari sudlarda kuzatuvchi sifatida 108 marotaba ishtirok etgan. Bu ko‘rsatkich 2020 yilda 32 tani tashkil etgan edi.

Inson huquqlari bo‘yicha vakilga yuborilgan shaxsiy huquqlar va erkinliklarga oid murojaatlarni ko‘rib chiqish natijasida 21 ta jinoiy va maʼmuriy va 9 ta intizomiy ish qo‘zg‘atildi.  

Murojaat qiluvchilar ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risidagi 29 ta qaror bekor qilindi.

Masʼul mansabdor shaxslarning harakatlariga huquqiy baho berish uchun 25 ta tekshiruv o‘tkazildi.  

Ombudsman murojaatidan so‘ng sud qarorlariga nisbatan prokuratura organlari orqali 6 ta protest kiritildi

Sudlarga 442 mln. so‘mlik mehnat haqini undirishga qaratilgan 43 ta daʼvo arizasi kiritildi, 62 nafar fuqaroga 787,8 mln. so‘mlik mehnat haqi to‘lanishi taʼminlandi, 10 nafar fuqaro ishga tiklandi, 5 nafar fuqaroga ish joyida mehnat qobiliyatini yo‘qotganligi uchun sog‘ligiga yetkazilgan 9,2 mln. so‘mlik zarar undirildi, fuqarolarga 148 mln. so‘mlik kreditlarni rasmiylashtirishda ko‘maklashildi.

Shuningdek, murojaatchilar foydasiga sud qarorlarida belgilangan 210,8 mln. so‘mlik zarar undirildi. Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan 14 ta fuqaroga uy-joy ajratildi. Tadbirkorlarga 145 mln. so‘mlik ortiqcha to‘langan soliq to‘lovlarini qaytarib berishda ko‘mak berildi.

Bugungi brifingda vaqt nuqtai nazaridan Ombudsmanning murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha faoliyatining eng asosiy jixatlarigagina to‘xtaldik. Siz Inson huquqlari bo‘yicha Ombudsmanning 2021 yilgi hisobotining to‘liq matni bilan ombudsman.uz rasmiy sayti orqali tanishishingiz mumkin.

Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati