Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Feruza Eshmatova Serbiyaga tashrifi davomida qator davlatlar ombudsmanlaridan memorandum imzolash taklifini oldi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova joriy yilning 2–5 sentyabr kunlari xizmat tashrifi bilan Serbiya Respublikasida bo‘ldi.  

Avval xabar berganimizdek, Vakil 2–3 sentyabr kunlari Yevropa Ombudsmani institutining navbatdagi umumiy yig‘ilishida ishtirok etdi. Shundan so‘ng, qator mamlakatlar Ombudsmanlari taklifi bilan o‘zaro hamkorlik uchrashuvlari  o‘tkazildi.

Vengriya Ombudsmani Akos Kozma bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda tomonlar O‘zbekiston va Vengriya fuqarolarining huquqlari va erkinliklarini har bir davlatning milliy qonunchiligida belgilangan vakolat doirasidan kelib chiqib himoya qilish hamda o‘zaro tajriba almashish sohasida mustahkam hamkorlikni yo‘lga qo‘yish haqida  suhbat olib bordilar. O‘zaro muloqot davomida Vengriya Ombudsmani inson huquqlarini taʼminlash sohasida ikki davlat ombudsmanlari o‘rtasida o‘zaro mustahkam aloqalarni yo‘lga qo‘yish maqsadida Hamkorlik memorandumini imzolash taklifini bildirdi.

Shuningdek, ular inson huquqlari sohasida axborot almashish, qo‘shma loyihalarini amalga oshirishga kelishib oldilar.

Xizmat tashrifi davomida F.Eshmatova Serbiya Ombudsmani Zoran Pasalich bilan ham uchrashdi. O‘zaro muloqot davomida murojaatlarni ko‘rib chiqish, axborot-tahliliy va huquqiy sohaga doir materiallar bilan almashish, inson huquqlarini himoya qilish sohasida konferensiyalar, seminarlar va davra suhbatlarini tashkil etish borasida hamkorlikda ish olib borish masalalari ko‘rib chiqildi. Uchrashuvda Serbiya Ombudsmani ham ikki mamlakat ombudsmanlari o‘rtasida hamkorlik memorandumini imzolash taklifini bildirdi.

Qayd etish lozimki, har ikkala davlat Ombudsmanlari mamlakatimizda so‘nggi yillarda Davlat rahbari tomonidan inson huquqlarini taʼminlash borasida  olib borilayotgan islohotlar va tashabbuslarni eʼtirof etishdi. Mamlakatda inson huquqlarini xalqaro miqyosda qabul qilingan standartlar va normalar asosida taʼminlash yo‘lidagi say-harakatlarning xalqaro eʼtirofi sifatida O‘zbekiston BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Kengashiga aʼzo bo‘lganligi ham taʼkidlandi. 

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot kotibi