O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasining 13-moddasi birinchi qismiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyatdir. Insonning shaʼni va or-nomusi daxlsiz. Insonni kamsitish, obro‘sizlantirish, haqorat qilish, tahqirlash qonunga zid xatti-harakat hisoblanadi va bunday harakatlar uchun qonun bo‘yicha tegishli javobgarliklar mavjud.
O‘zbekiston Respublikasi JPKning 17-moddasida “Inson shaʼni va qadr-qimmatini kamsitadigan, uning shaxsiy hayotiga taalluqli maʼlumotlar tarqalib ketishiga olib keladigan, sog‘lig‘ini xavf ostiga qo‘yadigan, asossiz ravishda unga jismoniy va maʼnaviy azob-uqubat yetkazadigan harakatlar qilish yoki qarorlar chiqarish taqiqlanadi”, deyiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 2446-moddasida yolg‘on axborot tarqatganlik uchun javobgarlik belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra, yolg‘on axborot tarqatganlik shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qo‘llanilgandan keyin sodir etilgan bo‘lsa, — bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravarigacha miqdorda jarima yoki 240 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 2 yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 100-moddasiga muvofiq, fuqaro o‘zining shaʼni, qadr-qimmati yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi maʼlumotlar yuzasidan, basharti bunday maʼlumotlarni tarqatgan shaxs ularning haqiqatga to‘g‘ri kelishini isbotlay olmasa, sud yo‘li bilan raddiya talab qilishga haqli.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 27, 48-moddalarida har kim o‘z shaʼni va obro‘siga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish va turar joyi daxlsizligi huquqiga ega. Shu bilan birga, fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga rioya etishga, boshqa kishilarning huquqlari, erkinliklari, shaʼni va qadr-qimmatini hurmat qilishga majbur ekanliglari belgilangan.
Davlat rahbari boshchiligida OAV xodimlari va blogerlar qo‘llab quvvatlanib, haqiqatni olib chiqishdan qo‘rqmay, muammoli masalalarni ko‘tarayotgan jurnalistlar qadrlanayotgan, ularga bosim o‘tkazish holatlarini bartaraf etish, bir so‘z bilan ayganda so‘z erkinligi siyosati olib borilayotgan vaqtda shunday nomaqbul videoni tarqatib, ayol jurnalistga nisbatan tazyiq o‘tkazilishini zo‘ravonlikning bir ko‘rinishi deyish mumkin. Maʼnaviy va ruhiy zarbalarning bitishi jismoniy qiynoqlardan ham og‘irroq bo‘ladi aslida.
O‘ylaymanki, bunday vaziyatda ko‘pchilik jurnalistlarning birlashishi natijasida tanqidiy tahliliy materiallar yana-da ko‘payadi. Jurʼatli va qo‘rqmas qalam ahli bu kabi zarbalardan yana-da toblanadi.