Uchrashuv davomida yuqori malakali yuridik kadrlarni tayyorlash sohasida hamkorlikni rivojlantirish, talabalarning nazariy va amaliy tayyorgarligi o‘rtasida o‘zaro aloqani taʼminlash, ularda amaliy ishda zarur bo‘lgan ko‘nikmalarni shakllantirish, TDYUU talabalarini Ombudsman faoliyatiga keng jalb etish bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama etildi.
Tadbirda taʼkidlanishicha, Toshkent davlat yuridik universiteti tomonidan taʼlimning uzluksizligi va uzviyligi taʼminlash, bilim va isteʼdodni rag‘batlantirish hamda yuqori malakali yuridik kadrlarni tayyorlashning samarali mexanizmlarini joriy etish maqsadida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. “Ombudsman klubi”ning tashkil etilishi ham bu boradagi muhim qadamlardan sanaladi.
Ombudsman Feruza Eshmatovaning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda Vakil faoliyatining huquqiy asoslari mustahkamlanib, uning vakolatlari kengaytirildi, Ombudsman huzurida qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha Milliy preventiv mexanizm yo‘lga qo‘yilib, bu orqali jazoni ijro etish muassasalarida, tergov hibsxonalari va boshqa yopiq muassasalarda inson huquqlarining taʼminlanishi bo‘yicha jamoatchilik nazorati o‘rnatildi.
Hozirda Ombudsmanga yuborilayotgan murojaatlar soni kundan-kunga ortib bormoqda. Kuniga 150-200 ta baʼzida undan ham ko‘p murojaatlar kelib tushadi. Bu bir tomondan xalqning Vakilga nisbatan ishonchini bildirsa, ikkinchi tomondan unga katta masʼuliyat ham yuklaydi. Shuning uchun, xalq ishonchini oqlash, murojaatlarni hal etishda natijadorlikka erishish hamda qiynoqqa qarshi kurashishda mavjud imkoniyat va resurslarimizdan maksimal darajada foydalanayapmiz. Lekin, malakali yuridik kadrlarga ehtiyojimiz ham ortib bormoqda. Chunki, birgina murojaatni o‘rganib chiqib, davlat idoralariga so‘rov yuborish, axborot so‘rash, Vakil xulosasi yoki taqdimnomasini tayyorlash uchun maʼlum bir vaqt va malaka talab etiladi. Maqsadimiz - hamkorlikda ishlab, talabalarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan bog‘lagan holda Ombudsman institutining yuqori malakaga ega bo‘lajak yuristlarni yetishtirishdir.
Tadbirda taʼkidlanishicha, “Ombudsman klubi” aʼzolari darsdan so‘ng Ombudsman instituti mutaxassislariga biriktirilgan holda murojaatlar bilan ishlash, qabullarda ishtirok etish, jazoni ijro etish muassasalariga o‘tkaziladigan monitoring tashriflarini kuzatish kabi yo‘nalishlarda o‘z ko‘nikmalarini oshirishlari mumkin.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati