I. Umumiy qoidalar
1. Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Devoniga ishga qabul qilish Ombudsmanning 2025 yil 14 yanvardagi №7–K-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Ombudsman Devoniga ishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga muvofiq qabul qilinadi.
2. Ishga qabul qilish jarayoni O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi Qonuniga, shuningdek xalqaro mehnat standartlari va inson huquqlari bo‘yicha umumeʼtirof etilgan tamoyillarga asoslanadi.
3. Ombudsman Devoniga ishga qabul qilishda tanlov o‘tkaziladi. Tanlov jarayoni qonuniylik, shaffoflik, xolislik, imkoniyatlar va insonparvarlik tamoyillariga asoslanib amalga oshiriladi.
4. Ombudsman Devoniga nomzodlarni tanlab olish jarayonida quyidagilarga ustuvor ahamiyat beriladi:
o inson huquqlari sohasidagi bilim va kasbiy kompetensiyalar;
o axloqiy qadriyatlar, masʼuliyat, ochiq muloqotga tayyorlik;
o fuqarolarga xizmat qilish madaniyati va Ombudsman Devoni xodimi etikasi;
o gender tengligi va inklyuziv ish muhitiga hurmat.
II. Bo‘sh ish o‘rinlarini eʼlon qilish tartibi
5. Agar Ombudsman Devonida bo‘sh ish o‘rni mavjud bo‘lsa, u haqdagi maʼlumotlar:
-
mehnat.uz yagona milliy vakansiyalar portalining maxsus bo‘limida;
-
zarurat tug‘ilganda, OAV va ijtimoiy tarmoqlarda ochiq va oshkora tarzda joylashtiriladi.
6. Eʼlon kamida 15 kalendar kuni davomida faol bo‘ladi va quyidagi maʼlumotlarni o‘z ichiga oladi:
-
lavozim nomi va bo‘limi;
-
lavozimning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishi;
-
talab qilinadigan maʼlumot va ish tajribasi;
-
kompyuter savodxonligi va xorijiy til darajasi;
-
tanlov bosqichlari va baholash mezonlari;
-
hujjatlar qabul qilish usuli, muddati va masʼul shaxsning aloqa maʼlumotlari;
-
nomzodlar uchun teng imkoniyatlar kafolati va shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish to‘g‘risidagi izoh.
7. Eʼlonning maqsadi — kadrlarni tanlash jarayonida oshkora, teng va inklyuziv sharoit yaratish, shuningdek inson huquqlariga sodiq, kompetent va halol mutaxassislarni jalb etishdir.
8. Nogironligi bo‘lgan shaxslar, yosh mutaxassislar, ayollar va kam taʼminlangan qatlam vakillari uchun adolatli imkoniyat yaratish davlat xizmatining muhim vazifasi hisoblanadi.
III. Tanlov tartibi va baholash bosqichlari
9. Tanlov jarayoni Nizom talablariga muvofiq quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:
1-bosqich — hujjatlarni qabul qilish va dastlabki saralash.
Nomzodning maʼlumoti, ish tajribasi va lavozim talablariga mosligi o‘rganiladi.Hujjatlar elektron yoki qog‘oz shaklda qabul qilinishi mumkin, qabul qilingani haqida avtomatik tasdiqnoma yuboriladi.
2-bosqich — test sinovi.
Nomzodlar meʼyoriy-huquqiy bilimlar, inson huquqlari bo‘yicha umumiy savodxonlik, tanqidiy fikrlash va axloqiy qaror qabul qilish qobiliyati bo‘yicha sinovdan o‘tadilar.
3-bosqich — suhbat (intervyu).
Suhbatda nomzodning shaxsiy sifatlari, xizmat madaniyati, axloqiy tamoyillarga rioya qilish, jamoada ishlash qobiliyati va fuqarolar bilan muloqotda samimiylik darajasi baholanadi.
Baholash maxsus ball tizimi asosida amalga oshiriladi.
4-bosqich — yakuniy suhbat.
Ombudsman nomzodlar bo‘yicha yakuniy qaror qabul qiladi. Qaror asoslangan holda qabul qilinadi va nomzodga natijalar haqida xabardor qilish majburiydir.
10. Agar bir nechta nomzod teng ball to‘plasa, inson huquqlari sohasida amaliy tajribaga ega bo‘lgan yoki “Ombudsman klubi” aʼzolariga ustuvorlik beriladi.
11. Tanlov natijalari Ombudsman Devonining rasmiy axborot kanallarida eʼlon qilinadi va natijalar bo‘yicha shaffof hisobot yuritiladi.
IV. Ombudsman klubi orqali kadrlar tayyorlash mexanizmi
12. Ombudsman va Toshkent davlat yuridik universiteti tomonidan 2021 yil 11 iyun kuni imzolangan hamkorlik memorandumi asosida “Ombudsman klubi” faoliyat yuritadi.
13. “Ombudsman klubi” aʼzolari Ombudsman Devoni mutaxassislariga biriktiriladi va quyidagi faoliyatlarda ishtirok etadilar:
- fuqarolar murojaatlarini qabul qilish va tahlil etish;
- Ombudsmanning qabullarida ishtirok etish;
- inson huquqlari sohasida ilmiy tahlillar va maʼlumotlar bazasini yaratish ishlariga ko‘maklashish.
15.Klub aʼzolari ham boshqa nomzodlar kabi mehnat.uz orqali eʼlon qilingan vakansiyalarda ishtirok etish huquqiga ega bo‘lib, tanlov bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan taqdirda Ombudsman Devoniga ishga qabul qilinishi mumkin.
V. Yakuniy qoidalar
16. Tanlov jarayonida barcha nomzodlar uchun teng huquq va imkoniyatlar taʼminlanadi. Jins, irq, yosh, din, siyosiy qarash, ijtimoiy holat yoki jismoniy imkoniyat darajasiga ko‘ra kamsitishga yo‘l qo‘yilmaydi.
17. Tanlov natijalari, baholash mezonlari va asosiy qarorlar oshkoralik tamoyiliga muvofiq rasmiy axborot kanallarida eʼlon qilinadi.
18. Tanlov natijalari bo‘yicha rozi bo‘lmagan nomzodlar belgilangan tartibda yozma shikoyat bilan murojaat qilish huquqiga ega.
19. Nizomda nazarda tutilmagan holatlarda O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi, “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonun hamda tegishli qonun hujjatlari normalari qo‘llaniladi.






