Komissiya faoliyati 2023 yil 25 apreldagi №50–K-sonli buyruq bilan tasdiqlangan Nizom asosida amalga oshiriladi. Komissiya tarkibi xodimlar tomonidan ovoz berish yo‘li bilan saylangan.
Komissiya tarkibi:
-
Saloxiddin Hamdamov, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Devonining Fuqarolarning huquqiy madaniyatini oshirish va huquqiy targ‘ibot sektori mudiri — Komissiya raisi
-
Gabit Aydarov, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Devonining Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarining oldini olish bo‘limi Bosh maslahatchisi — Komissiya aʼzosi
-
Xuseynova Abira, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili — Komissiya aʼzosi
-
Ilyos Nasriddinov, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Devonining Murojaatlar bilan ishlash bo‘limi yetakchi mutaxassisi — Komissiya kotibi
Nizomga muvofiq Komissiya:
-
xodimlarning odob-axloq qoidalariga rioya etishini nazorat qiladi;
-
axloq normalari buzilgan hollarda murojaatlarni ko‘rib chiqadi;– xizmat tekshiruvlarini o‘tkazadi;
-
zarur hollarda axloqiy taʼsir choralari belgilaydi;
-
profilaktika tadbirlarini amalga oshiradi;
-
natijalar bo‘yicha Vakilga axborot taqdim etadi.
Shikoyatlarni ko‘rib chiqish amaliyoti:
-
murojaatlar videokuzatuv yozuvlari, suhbatlar va xizmat tekshiruvi asosida o‘rganiladi;
-
qarorlar Komissiya majlisida ovoz berish yo‘li bilan qabul qilinadi;
-
murojaatchi va xodimga yozma ravishda xabar beriladi.
Komissiya faoliyati boshlanganidan buyon Devon (Kotibiyat) xodimlari tomonidan ish vaqtida mansabdor shaxs tomonidan bosim o‘tkazilishi, haqorat, adolatsiz munosabat, jinsiy yoki gender diskriminatsiyasi, xizmat mavqeidan suiisteʼmol qilish yoki mehnat sharoiti bilan bog‘liq zo‘ravonlik xususiyatidagi hech qanday murojaat kelib tushmagan.
Komissiya tomonidan xodimlarning murojaatlari va fuqarolar tomonidan Ombudsman xodimlarining xatti-harakatlariga nisbatan yo‘llangan shikoyatlar ko‘rib chiqiladi.
Fuqarolar murojaatlari:
-
videokamera yozuvlari,
-
suhbatlar,
-
xizmat tekshiruvi materiallari
Komissiya tomonidan murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalari
Komissiya faoliyati davomida Ombudsman xodimlariga nisbatan kelib tushgan murojaatlar quyidagi tartibda o‘rganilgan:
-
2023 yilda Komissiyaga xodimlar yoki fuqarolar tomonidan shikoyat kelib tushmagan, shuningdek ish vaqtida bosim, gender diskriminatsiyasi, nohaq munosabat yoki xizmat masʼuliyatini suiisteʼmol qilish holatlari aniqlanmagan.
-
2024 yilda Komissiyaga 11 ta murojaat kelib tushgan. Murojaatlar videokamera yozuvlari, suhbatlar va xizmat tekshiruvlari asosida o‘rganilgan.
-
Murojaatlarda keltirilgan vajlarning aksariyati tasdiqlanmagan, ammo 2 ta holatda fuqarolar bilan muomala madaniyati bo‘yicha odob-axloq qoidalari buzilgan deb topilgan. Ushbu xodimlar komissiya qarori bilan kelgusida fuqarolar bilan muloqotda odob-axloq qoidalarini buzmasligi bo‘yicha ogohlantirilgan.
-
2025 yilning 9 oyi davomida Komissiyaga 5 ta murojaat kelib tushgan. Ularning barchasi xizmat tekshiruvi tartibida o‘rganilgan, dalillar tahlil qilingan, murojaatlarda keltirilgan vajlar tasdig‘ini topmagan.






