Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Inson qadri va manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan tub islohotlar O‘zbekiston uchun doimo ustuvor
Mamlakatimizda insonning shaʼni va qadr-qimmati daxlsizligi, hech narsa ularni kamsitish uchun asos bo‘lishi mumkin emasligi, “Inson qadri uchun” tamoyili Konstitutsiyada, qonunlarimizda va davlat idoralari faoliyatida bosh mezon bo‘lishi shartligi Davlat rahbarining qatʼiy talabidir. Shu nuqtai nazardan, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, konstitutsiyaviy jarayonlar natijasida, Bosh qomusimizda inson qadri, manfaati uchun xizmat qiladigan normalar amaldagisidan 3 baravarga ko‘paydi.

Fuqarolarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ishonchli taʼminlash demokratik yangilanishlarning ustuvor yunalishlaridan hisoblanadi. Bu jarayonda davlat va ho‘jalik boshqaruvi organlari, sud-huquq idoralari, shuningdek, mansabdor shaxslar — davlat amaldorlari faoliyati ustidan parlament nazoratini kuchaytirish orqali inson huquqlarining taʼminlanishiga erishish mumkin.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) parlament nazoratining subyektlaridan biri sifatida davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va mansabdor shaxslar tomonidan insonlarning huquq va erkinliklari to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga rioya qilinishi ustidan parlament nazoratini taʼminlash vakolatiga ega.

Ayni paytda inson huquq va erkinliklari sohasidagi qonunchilikning umumeʼtirof etilgan tamoyillar hamda xalqaro normalarga uyg‘unligini taʼminlash maqsadida ularni tahlil qilib borish parlament Ombudsmanining asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.

Har qanday huquqiy davlatda qonun ijodkorligi faoliyati inson huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini kafolatlovchi eng muhim qoidalarga asoslanadi. Ushbu talab milliy qonunchilikni inson huquqlari bo‘yicha xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan normalari va prinsiplariga muvofiqlashtirilish orqali taʼminlanadi.

Taʼkidlash joizki, qonunchilikni takomillashtirishga doir faoliyat samaradorligi qonun loyihalarini har tomonlama huquqiy ekspertizadan o‘tkazishga bog‘liqdir. Jumladan, huquqni himoya qilishga oid qonun loyihalarining ekspertizasi o‘ta muhim va murakkab jarayon hisoblanib, ularda, eng muhimi, inson huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari himoya qilinishiga qaratilgan.

Ombudsman instituti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritilgan, “project.gov.uz” orqali kelib tushgan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazi, boshqa vazirlik va idoralar tomonidan ishlab chiqilgan qonun loyihalari hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlar o‘rganilib chiqiladi. Xususan, 2023 yilning 9 oyi davomida O‘zbekiston Respublikasining 20 ta qonun loyihasi va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining 150 moddalari va bandlariga taklif hamda mulohazalar bildirildi.

Maʼlumki, inson huquqlari himoyasiga oid yechimini kutayotgan muammolar aynan murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha kundalik amaliyotda, monitoring tashriflari va o‘rganishlarida yuzaga chiqadi.

Shu nuqtai nazardan, Yangilangan Konstitutsiyamizda Ombudsman instituti qonunchilik takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida Parlament Quyi palatasiga kiritishga xaqli ekani belgilab qo‘yildi.

Taʼkidlash joizki, 2023 yilning 9 oyi davomida Ombudsmanga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy davlatlar fuqarolari va ombudsmanlari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan jami 10211 ta murojaat kelib tushdi. Ombudsman nomiga kelib tushayotgan murojaatlar muntazam tahlil qilinib, qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqiladi. Chunki, murojaatlar tahlili sohalardagi tizimli masalalarni aniqlash va ularni bartaraf etish imkonini beradi.

Ombudsman harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarda saqlanayotgan mahkum va mahbuslar murojaatlarini ham ko‘rib chiqadi. Shuningdek, 2019 yili joriy etilgan Ombudsman huzurida qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarining oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizm doirasida penitensiar muassasalarga jamoatchilik vakillari bilan birgalikda monitoring tashriflarini amalga oshiradi. Davlat rahbarining 2021 yil 26 iyundagi “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori bilan Ombudsman huzuridagi MPM faoliyati yana-da takomillashtirildi. Jumladan, Ombudsman huzurida Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha jamoatchilik guruhlari tashkil etildi.

Qiynoqqa solish holatlarining oldini olish borasida Ombudsman huzuridagi jamoatchilik guruhlari bilan birgalikda joriy yilning 9 oyi davomida qamoqda saqlash joylarida 452 ta monitoring tashriflari amalga oshirildi. Bu ko‘rsatkich, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2 barobarga oshgan. Monitoring tashriflari davomida bu joylarda saqlanayotgan shaxslarning saqlash sharoitlari, mehnat qilish, tibbiy yordam ko‘rsatish hamda ularga nisbatan bo‘ladigan munosabat va muomala holatlari o‘rganiladi va ular bilan suhbatlar o‘tkaziladi.

2017-2023 yillar davomida mahkumlarning huquq va erkinliklari yana-da takomillashtirishga qaratilgan 3 ta qonun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1 ta farmoni, 6 ta qarori, Hukumatning 11 ta qarori va farmoyishlari, 14 tadan ortiq boshqa normativ - huquqiy hujjatlar qabul qilindi.

Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasida hech kim qiynoqqa solinishi mumkin emasligi hamda 28-moddasida ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarga nisbatan insoniy muomalada bo‘linishi mustahkamlandi.

Muxtasar qilib aytganda, joriy yilning 8 may kuni Yurtboshimiz Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar, sud va ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari hamda jamoatchilik faollari bilan yangilangan Konstitutsiyani hayotga joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar muhokamasiga bag‘ishlangan majlisda Barqaror rivojlanib borayotgan iqtisodiyotga asoslangan, ochiq demokratik huquqiy davlat qurish, inson, uning manfaatlari, huquq va erkinliklari so‘zda emas, amalda oliy qadriyat darajasiga ko‘tarilgan, jahon miqyosida obro‘-eʼtibor qozongan jamiyat barpo etish asosiy maqsadimiz ekanligini alohida qayd etdi.

Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan ustuvor yo‘nalishlar, o‘z navbatida, parlament Ombudsmaniga mamlakatimizda inson huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda taʼminlashda katta masʼuliyat yuklaydi.

Saidbek AZIMOV

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Kotibiyati mudiri