BMTning Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 5-moddasida ham hech kim qiynoqqa yoki shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni xo‘rlovchi muomala va jazoga duchor etilmasligi kerakligi belgilangan.
“Amnesty International” xalqaro tashkilotining 2024-yilning aprel oyida e’lon qilgan hisobotida 2023-yilda inson huquqlarining buzilishi bilan bog‘liq muammolar, jumladan qiynoqlar va odamlarga nisbatan shafqatsiz muomala turlarini jahonning 155 ta mamlakatida kuzatilgani qayd etilgan.
Qiynoqlardan ozod bo‘lish har qanday holatda himoya qilinishi kerak bo‘lgan asosiy inson huquqlaridan biri bo‘lgani sababli O‘zbekiston unga qarshi murosasiz kurash yo‘lini tanlagan.
O‘zbekiston Respublikasining yangilangan Konstitutsiyasida insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizligi hamda hech narsa ularni kamsitish uchun asos bo‘lishi mumkin emasligi, hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yoxud jazoga duchor etilishi mumkin emasligi belgilangan.
Shuningdek, qiynoq holatlarini oldini olishga oid yangi normalar kiritilib, avvalgi tahrir takomillashtirildi. Unga ko‘ra, agar shaxsning o‘z aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emasligi oliy yuridik maqomga ega bo‘lgan hujjatda qat’iy belgilandi. Bu esa qiynoq holatlarini keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etishga qaratilgan muhim qadam.
Qolaversa, shaxsni hibsga va qamoqqa olishga, qamoqda saqlashga faqat sudning qaroriga ko‘ra yo‘l qo‘yilishi, shuningdek shaxs sudning qarorisiz 48 soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emasligi Konstitutsiya darajasida belgilab qo‘yildi.
Hozirga qadar O‘zbekiston inson huquqlari sohasida 80 dan ortiq xalqaro hujjatga, shu jumladan, BMTning 7 ta asosiy shartnomasi va 4 ta Fakultativ protokoliga qo‘shilgan.
O‘zbekistonning zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarini bajarishi, jumladan, qiynoqqa qarshi kurash borasida o‘z tajribasi va bosib o‘tgan yo‘li bor.
Qayd etish lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 235-moddasi bilan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash uchun jinoiy javobgarlik belgilangan va qiynoqni qo‘llaganlarga nisbatan jazo choralari og‘irlashtirilgan.
Shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga qiynoqqa solishdan jabrlanganlarga yetkazilgan zararni qoplash tartibini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunda qiynoqqa solishdan jabrlangan shaxslarga yetkazilgan jismoniy va ruhiy zarar, moddiy zarar yoki boy berilgan foyda, ma’naviy zarar, yuridik yordam, dori vositalari va tibbiy xizmat, psixologik va ijtimoiy xizmatlar uchun qilingan xarajatlar to‘lab berilishi nazarda tutilgan.
Shu o‘rinda inson huquqlari sohasida, xususan, qiynoq holatlarini bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilgan muhim islohotlarga to‘xtalib o‘tish joiz.
2017 — 2021 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasi doirasida 2019 yilda Ombudsman huzurida qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarining oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizm yo‘lga qo‘yildi. Shundan so‘ng, harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarga Ombudsman va jamoatchilik vakillarining muntazam ravishda kirishi va u yerda saqlanayotgan shaxslarning sharoitlarini o‘rganishi, ular bilan muloqot qilishi yo‘lga qo‘yildi.
Bilamizki, ko‘plab xalqaro tashkilotlar tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida joylashgan “Jasliq” uzoq yillardan buyon Markaziy Osiyoning eng mudhish qamoqxonasi sifatida tilga olinib kelingandi. U uzoq yillar O‘zbekistonning xalqaro obro‘siga putur yetkazgan. BMTning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasi “Jasliq” qamoqxonasini yopishni tavsiya etib kelgan. Prezidentimizning 2019 yil 2 avgustdagi qarori bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasining Jasliq qo‘rg‘onida joylashgan 19-son ixtisoslashtirilgan jazoni ijro etish koloniyasi tugatildi. O‘sha paytdanoq, xalqaro hamjamiyat mamlakatimiz yetakchisining mazkur qarorini O‘zbekistonda inson huquqlarini ta’minlashdagi ijobiy yangilik sifatida baholadi.
Ahamiyatlisi, bu boradagi ishlar shuning o‘zi bilan kifoyalanmadi. Ya’ni bu O‘zbekistonning qiynoq holatlarining oldini olish sari tashlagan dastlabki qadamlaridan biri edi.
Inson huquqlarini himoya qilish uzluksiz davom etadigan jarayon ekanligi nuqtai nazaridan mamlakatimizda qiynoqqa qarshi kurashish mexanizmlari ham takomillashtirilib borildi. Xususan, Davlat rahbarining 2021 yil 26 sentyabrdagi “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori nafaqat ushbu illatni barvaqt aniqlash, bartaraf etish, balki qiynoqdan jabr ko‘rgan insonlarga har tomonlama yordam berish va ularga yetkazilgan zararni kompensatsiya qilishga ham qaratildi. Shuningdek, qaror bilan Ombudsman huzuridagi Milliy preventiv mexanzim (MPM) ham takomillashtirilib, ekspert guruhi negizida Ombudsman huzuridagi Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha jamoatchilik guruhlari tashkil qilindi. Ular zimmasiga qiynoqqa solish holatlarini aniqlash hamda ularni tezkor bartaraf etish bo‘yicha talabnomalarni tegishli davlat organiga taqdim qilish, qiynoqqa solish holatlari to‘g‘risidagi murojaatlarni ko‘rib chiqishda ishtirok etish kabi vazifalar yuklatildi.
Raqamlarga nazar solsak, 2021 yilda 177 marotaba, 2022 yilda 381 marotaba monitoring tashrifi amalga oshirilgan bo‘lsa, 2023 yilda bu ko‘rsatkich 603 marotabani tashkil etdi. Natijada qiynoqqa solish holatlarining oldini olish bo‘yicha parlament va jamoatchilik nazorati o‘rnatilishiga erishildi. Monitoring tashriflari davomida aniqlanayotgan kamchiliklar yuzasidan tahliliy ma’lumot va axborotlar, xulosa va taqdimnomalar hamda talabnomalar tayyorlanib, mutasaddi vazirlik va idoralarga ko‘rib chiqish uchun yuborilmoqda. Bundan tashqari, ushbu monitoring natijalari Ombudsmanning Oliy Majlis palatalariga taqdim etadigan yillik axborotida ham aks etadi.
Shuningdek, harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarga Bolalar ombudsmani, Biznes ombudsman hamda Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazni ham moneliksiz kirishlari belgilangan.
Ombudsmanning jamoatchilik vakillari bilan hamkorlikdagi o‘rganishlari asosida 2023 yilda BMTning tegishli qo‘mitasiga Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashga qarshi konvensiyaning bajarilishi bo‘yicha O‘zbekiston hukumati hisobotiga Ombudsman tomonidan muqobil ma’ruza kiritildi. Ushbu ma’ruzani tayyorlashda qator nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari bilan hamkorlikda ishlandi.
Ta’kidlash lozimki, qiynoq holatlarini aniqlash va bartaraf etish maqsadida Ombudsman boshchiligida amalga oshirilgan monitoring tashriflari natijasida yildan yilga harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalardagi sharoitlar, mahkum va mahbuslarga bo‘lgan munosabat xalqaro me’yorlarga muvofiqlashtirildi. Ushbu penitensiar muassasalarga o‘rnatilgan “Ombudsman quti”lari orqali mahkum va mahbuslarning Ombudsmanga murojaat qilish imkoniyati yaratildi. Ularning murojaatlari mahfiyligi saqlangan holda hech qanday to‘siq va ovvoragarchiliksiz Ombudsmanga yetkazilib, ularni hal etish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda. Qayd etish lozimki, mahkumlarni Ombudsmanga “Ombudsman qutisi” orqali murojaat etish huquqlari O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksida belgilangan.
Davlatimiz rahbarining yuqorida tilga olingan qiynoqlarni oldini olish bo‘yicha tegishli qarorida ushbu illatga qarshi kurashish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar belgilandi. Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga joylashtirilgan shaxslarning yagona elektron reyestrini yuritish amaliyotining joriy etilishi shular jumlasidandir.
Ushbu mexanizm tegishli organ va idoralar xodimlariga harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarda saqlanayotgan shaxslar haqidagi ma’lumotlar, jumladan, qachon olib kelingani, sababi, tibbiy holati va boshqa faktlarni tezkorlik bilan elektron reyestrga kiritish majburiyatini yuklaydi. Bu esa biror bir shaxsni besabab ushlab turish, ma’lumotlarni yashirish, jismoniy kuch ishlatish yo‘li bilan ko‘rsatma olishga urinish kabi salbiy holatlarning oldini olishga xizmat qiladi.
Ushbu elektron reyestr ma’lumotlari bilan onlayn tanishish imkoniyati Ombudsman, sudlar va prokuratura organlariga ham berilayotgani ochiqlikni ta’minlash bilan birga mas’uliyat va nazoratni yanada kuchaytirilishini ta’minlaydi.
Shunday qilib, jinoyat sodir etishda gumon qilinib ushlangan, ma’muriy qamoqqa olingan, muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan, ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qilingan, tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari qo‘llanilib, psixiatriya stasionarlarida yoki narkologiya muassasalarida majburiy davolanayotgan shaxslar haqidagi ma’lumotlar Yagona elektron reyestrga majburiy ravishda kiritib borish tartibi belgilanmoqda.
Yangi tartiblarga ko‘ra, harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan muassasalarga olib kelingan shaxs haqidagi ma’lumotlarni belgilangan muddatda Yagona elektron reyestrda ro‘yxatga kiritmaslik ushbu shaxslarni noqonuniy ushlab turishga tenglashtiriladi va qonunchilikda belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Qamoqda saqlanayotgan shaxslarga nisbatan zo‘ravonlik, qiynoqqa solish va noqonuniy harakatlarni o‘z vaqtida aniqlash maqsadida jazoni ijro etish tizimi faoliyatiga raqamli texnologiyalarni, jumladan, intellektual “Smart” kameralar, videoregistrator, rentgen-skaner qurilmasi, elektron do‘konlar joriy etish, “onlayn” videouchrashuv xizmatini yo‘lga qo‘yish borasida ham qator ishlar amalga oshirildi. Albatta, tizim faoliyatining raqamlashtirilishi jazoni ijro etish muassasalarida ishlovchi xodimlar ishini yengillashtirishi bilan birga ularning mas’uliyatini ham oshiradi. Pirovardida, qiynoq holatlarining oldini olish orqali inson huquqlari ta’minlanishiga zamin yaratiladi.
Ushbu maqolada qiynoqqa qarshi kurash borasidagi eng asosiy amalga oshirilgan ishlargina qamrab olindi. Harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning qonuniy huquq va erkinliklarini ta’minlash, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilgan samarali islohotlarga to‘xtalmadik. Umuman olganda, harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalardagi sharoitlarni hozirgi va 7-8 yil avvalgisi bilan solishtiradigan bo‘lsak, juda katta o‘zgarishlarga guvoh bo‘lamiz. Ushbu o‘zgarishlar, albatta, tizimdagi islohotlar va jamoatchilik nazoratining o‘rnatilishi mevasidir.
O‘zbekistonda inson huquqlarini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar samarasini xalqaro reytinglarda ham ko‘rishimiz mumkin. “World Justice Project” xalqaro nodavlat tashkiloti tomonidan tuziladigan 2024 yilda e’lon qilingan Huquq ustuvorligi indeksida O‘zbekiston Serbiya, Albaniya, Xitoy, Belarus, Qirg‘iziston, Rossiya, Turkiya va boshqa davlatlarni ortda qoldirib, 140 ta davlat orasida 78-o‘rinni egalladi. Unda O‘zbekistonning barcha 8 ta indikator bo‘yicha ko‘rsatkichlarida yaxshilanish kuzatilgan.
Qolaversa, 2024 yilning iyun oyida mamlakatimizga tashrif buyurgan BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish O‘zbekiston Prezidenti bilan uchrashuvda mamlakatimizga ilk bor 20 yil avval, ikkinchi marta esa Prezidentlik faoliyatiga endi kirishgan paytlari kelganligini alohida ta’kidlab, qisqa davr ichida amalga oshirilgan ishlarni yuqori baholadi. O‘zbekiston o‘z fuqarolarining huquqlarini himoya qilish va ularning manfaatlarini ta’minlash kabi qat’iy rivojlanish yo‘lidan sobitqadamlik bilan borayotganini alohida ta’kidlagan edi.
Xulosa qilib aytganda, qiynoqlarga qarshi kurash O‘zbekistonning inson huquqlarini ta’minlashdagi muhim ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. Hozirgi vaqtda O‘zbekistonning inson huquqlarini ta’minlash bo‘yicha ilg‘or tajribasi bor, deb qat’iy aytish mumkin. Mamlakatdagi huquqiy islohotlar, jamoatchilik nazorati va xalqaro majburiyatlarni bajarishga bo‘lgan sadoqat inson qadrini himoya qilishdagi muhim qadamlardir. Bu xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilmoqda. Muhimi, xalqimiz ushbu o‘zgarishlar ta’sirini o‘z hayotida his qilmoqda. Ishonamizki, kelgusida ham ushbu sa’y-harakatlar davom ettirilib, inson qadri tobora yuksalib boraveradi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2021-yilning 22-fevral kuni BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasida ta’kidlaganidek, “Qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizmni joriy etish doirasida biz odamning qadr-qimmatini yerga uradigan, insoniylikka zid bo‘lgan qiynoqlarning har qanday ko‘rinishiga bundan buyon ham mutlaqo yo‘l qo‘ymaymiz. Bunday jinoyatlar qachon sodir etilganidan qat’i nazar, ular uchun jazo muqarrardir”. Bu so‘zlar O‘zbekistonning inson huquqlarini himoya qilish va qadr-qimmatni yuksaltirish yo‘lida qat’iy irodaga ega ekanligini yana bir karra tasdiqlaydi.
Feruza ESHMATOVA,
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)