Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Murojaatdan natijaga: Jizzaxda fuqarolarning mehnat, ta’lim va mulk huquqlarini ta’minlashga ko‘maklashildi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (Ombudsmanning) Jizzax viloyatidagi mintaqaviy vakiliga kelib tushgan murojaatlarni o‘rganish natijasida fuqarolarning buzilgan huquq va qonuniy manfaatlarini tiklashga qaratilgan choralar ko‘rildi.

Jumladan, Sharof Rashidov tumanida yashovchi fuqaro F.S. uzoq yillar davomida zararli mehnat sharoitida ishlagan bo‘lsa-da, ushbu davr pensiya tayinlashda imtiyozli shartlarda hisobga olinmayotganidan norozi bo‘lib murojaat qilgan. O‘rganish natijasida uning mehnat faoliyatini tasdiqlovchi tegishli hujjatlar rasmiylashtirilmagani ma’lum bo‘ldi.

Mazkur holat bo‘yicha Ombudsman tomonidan fuqaro manfaatlarini himoya qilish maqsadida sudga da’vo ariza kiritildi. Sud tomonidan fuqaroning zararli mehnat sharoitida ishlaganlik fakti tasdiqlanib, da’vo talablari qanoatlantirildi. Bu esa uning mehnat stajini pensiya tayinlashda imtiyozli shartlarda hisobga olish uchun huquqiy asos yaratdi.

Shuningdek, Zomin tumanidagi umumiy o‘rta ta’lim maktabida dars soatlari taqsimoti, o‘quv yuklamalari va ichki nazorat bilan bog‘liq inson huquqlarining buzilishi holatlari yuzasidan Ombudsmanga shikoyat kelib tushdi va nazoratga olindi. Ombudsman murojaatiga asosan viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan ishchi guruh tuzilgan holda maktabdagi holatlar joyiga chiqib o‘rganildi. Shu bilan birga, ta’lim muassasasining elektron platformalaridagi ma’lumotlar masofadan tahlil qilindi.

O‘rganishlar davomida bir qator kamchiliklar kuzatilgani va maktabda ichki nazorat ishlari yetarli darajada tashkil etilmagani aniqlandi. Natijada Jizzax viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining tegishli buyrug‘iga asosan maktab direktori hamda o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosariga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanildi.

Boshqa murojaatlar yuzasidan esa fuqarolarning mulk, ta’lim olish, mehnat hamda voyaga yetmagan farzandlarning moddiy ta’minot olish huquqlarini ta’minlashga ko‘maklashildi. Jumladan, mulkiy huquqlar bilan bog‘liq muammolar hal etildi, bolaning ta’lim olishi uchun zarur sharoit yaratildi, xodimaning ish joyi saqlab qolindi hamda farzandlar ta’minoti bo‘yicha murojaat ijobiy hal etildi.

Ombudsman tomonidan fuqarolarning murojaatlarini o‘rganish, buzilgan huquqlarini tiklash hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasidagi ishlar davom ettirilmoqda.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati