Tashrif doirasida mazkur muassasada saqlanayotgan shaxslar uchun chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik, “Ombudsman maktabi” loyihasi asosida ochiq muloqot va sayyor qabul tashkil etildi.
Dastlab, tergov hibsxonasidagi shaxslarning yashash sharoitlari, tibbiy xizmat ko‘rsatish, oziq-ovqat ta’minoti, mehnat qilish va yaqinlari bilan uchrashish huquqlarining ta’minlanish holati o‘rganildi. Shuningdek, avvalgi monitoring tashriflari davomida aniqlangan kamchiliklarning bartaraf etilganlik holatiga ham alohida e’tibor qaratildi.
Monitoring tashrifi doirasida muassasada saqlanayotgan alohida toifadagi shaxslar uchun chuqurlashtirilgan profilaktik tibbiy ko‘rik ham tashkil etildi. Viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan ushbu tibbiy ko‘rikka hududiy shifoxonalarning 12 ta yo‘nalish bo‘yicha malakali mutaxassislari jalb etildi.
Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 46 nafar ayol, 12 nafar voyaga yetmagan va surunkali kasalliklari mavjud bo‘lgan 96 nafar shaxs hamda xo‘jalik ishlariga qoldirilgan 23 nafar mahkum shifokorlar ko‘rigidan o‘tkazildi.
Tibbiy ko‘rik davomida ultratovush tekshiruvi (UTT), elektrokardiografiya (EKG) va rentgenoflyuorografiya tekshiruvlari o‘tkazilib, umumiy qon tahlili uchun namunalar olindi. Tekshiruvlarda aniqlangan kasalliklar bo‘yicha shaxslar dispanser nazoratiga olinib, mutaxassis shifokorlar tavsiyasiga asosan zarur tibbiy muolajalar belgilandi.
Tashrif davomida tergov hibsxonasining xo‘jalik turkumida saqlanayotgan mahkumlar ishtirokida “Ombudsman maktabi” loyihasi doirasida ochiq muloqot o‘tkazildi. Muloqot davomida mahkumlarga jazoni o‘tash davridagi huquqiy kafolatlar, ozodlikka chiqqandan so‘ng davlat tomonidan ko‘rsatiladigan ijtimoiy, tibbiy va moddiy qo‘llab-quvvatlash choralari yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Tadbir doirasida tashkil etilgan sayyor qabulda 10 nafardan ortiq shaxsning murojaatlari tinglandi. Murojaatlar asosan sud qarorlari, tergov jarayonlari va boshqa huquqiy masalalarga oid bo‘ldi. Ularning ayrimlari yuzasidan joyida huquqiy tushuntirishlar berilib, qo‘shimcha o‘rganish talab etiladigan murojaatlarni vakolatli tashkilotlarga yuborish belgilandi.
Monitoring davomida muassasada saqlanayotgan ayollar bilan ham jamoaviy suhbat tashkil etilib, ularga yaratilgan sharoitlar, mavjud muammo va takliflar ham o‘rganildi. Shuningdek, “Ombudsman qutilari”ga kelib tushgan ariza va shikoyatlar ko‘rib chiqish uchun olindi.
Bundan tashqari, Andijon viloyati IIB Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazida ham monitoring o‘tkazildi. Monitoring davomida markazda saqlanayotgan voyaga yetmaganlarning sharoitlari, shaxsiy yig‘ma jildlari va hisob hujjatlari, ta’lim olishi, kasb-hunarga o‘qitilishi hamda huquqlarining ta’minlanish holati atroflicha o‘rganildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati






