Xususan, Namangan viloyatida Ombudsmanning mintaqaviy vakili tomonidan o‘rganilgan ikki murojaat yuzasidan fuqarolarning huquqlarini tiklashga qaratilgan choralar ko‘rildi.
Jumladan, Uychi tumanida yashovchi fuqaro K.I.ning tuman hokimligi va tegishli bank tomonidan subsidiya masalasi hal etilmayotgani yuzasidan murojaati o‘rganildi. Natijada 24,6 mln so‘m mablag‘ fuqaroning zimmasidagi majburiyatdan chiqarilib, mazkur qarzdorlik Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan qoplanishi lozim bo‘lgan hisobvaraqlarga o‘tkazilishi ta’minlandi.
Shuningdek, Chust tumanida yashovchi fuqaro Y.G.ning o‘z akasi nomiga asossiz kredit rasmiylashtirilgani va qarzdorlik hisoblanganidan norozilik bildirib yo‘llagan murojaati ham o‘rganildi. Mazkur holat yuzasidan sudga da’vo arizasi kiritilib, bank zimmasiga kreditni boshqa shaxs nomiga rasmiylashtirish majburiyati yuklatildi. Natijada fuqaroning 6 yildan buyon davom etib kelayotgan muammosi ijobiy hal etildi.
Ombudsman tomonidan fuqarolar murojaatlarini manzilli o‘rganish hamda qonuniy ta’sir choralarini ko‘rish orqali buzilgan huquq va manfaatlarni tiklash ishlari davom ettirilmoqda.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati






