Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Sirdaryodagi yopiq muassasalarga monitoring: tashriflarda qanday kamchiliklar aniqlandi?
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (Ombudsmanning) Sirdaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan viloyatdagi 8-son tergov hibsxonasi, 40-son Manzil-koloniyasi, Guliston shahrida joylashgan Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Narkologiya xizmati bo‘yicha Sirdaryo viloyati filiali, Sirdaryo nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ayollar "G‘amxo‘rlik" markazi, shuningdek, Guliston shahar mastlik holatida bo‘lgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish tumanlararo punkti (Hushyorxona)ga monitoring tashriflari amalga oshirildi.

Monitoring tashriflarida qayd etilgan muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning yotoq joylari, yuvinish xonalari, oshxona, tibbiyot bo‘limi, oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmon vositalari bilan ta’minlanganligi hamda saqlash sharoitlari, madaniy dam olish, telefon orqali so‘zlashuv, uzoq va qisqa muddatli uchrashuv hamda tergov va advokatlar xonalari, shuningdek, mahkumlarning mehnat sharoitlari atroflicha o‘rganildi.

O‘rganishlar davomida ayrim muassasalarda bir qator kamchiliklar aniqlandi. Xususan, Guliston shahar Hushyorxonasining tibbiy yordam ko‘rsatish punktida zarur tibbiy buyum va jihozlar yetishmasligi, Sirdaryo viloyati Narkologiya markazida esa sanitariya talablariga to‘liq rioya etilmayotgani hamda kanalizatsiya tizimida muammolar mavjudligi qayd etildi.

Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan Ombudsman tomonidan Sirdaryo viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasiga ta’sir chorasi shaklidagi hujjat kiritildi.

Ko‘rilgan choralar natijasida Hushyorxona tibbiy yordam ko‘rsatish punkti yetishmayotgan tibbiy buyum va jihozlar bilan ta’minlandi. Narkologiya markazida esa palatalardagi sanitariya talablariga oid kamchiliklar bartaraf etilib, kanalizatsiya tizimidagi muammolar ham hal etildi.

Tashriflar davomida barcha muassasalarda saqlanayotgan shaxslar bilan jamoaviy va xoli tarzda suhbatlar o‘tkazilib, ularning murojaatlari qabul qilindi. Shuningdek, muassasalarda o‘rnatilgan «Ombudsman quti»lari ko‘zdan kechirildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati