Xususan, Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanida yashovchi fuqaro A.D.ning ko‘chmas mulkiga qo‘yilgan taqiq bekor qilingan bo‘lsa-da, ma’lumotlar bazasidan chiqarilmagani aniqlandi. MIB viloyat boshqarmasiga yuborilgan so‘rovdan so‘ng tegishli ma’lumotlarni bazadan chiqarish choralari ko‘rildi. Shuningdek, Oqqo‘rg‘on tumanida fuqaro A.M. zimmasiga chiqindilar olib ketilmagan davr uchun asossiz hisoblangan qarzdorlikni qayta hisoblash ishlari boshlandi.
Surxondaryo viloyatining Angor tumanida fuqaro N.J.ning farzandiga maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi tomonidan noqonuniy xatti-harakatlar sodir etilgani va ruhiy tazyiq o‘tkazilgani haqidagi murojaati o‘rganildi. Viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi bilan hamkorlikdagi o‘rganish natijasida tarbiyachi F.A.ga nisbatan «Hayfsan» intizomiy jazosi qo‘llanildi.
Xorazm viloyatida 8 nafar fuqaro “Idea Concept Group” MCHJ Urganch filialida mehnat huquqlari buzilgani, ish haqi va foydalanilmagan mehnat ta’tili uchun kompensatsiya to‘lanmagani yuzasidan murojaat qilgan. Holat Bandlik boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘rganilib, ish beruvchiga qonunbuzilishlarni bartaraf etish, kechiktirilgan to‘lovlar uchun kompensatsiya hisoblash va to‘lash yuzasidan ta’sir choralari ko‘rildi. Shuningdek, fuqaro T.R.ning ishga tiklanishi va majburiy progul davri uchun ish haqi undirilishi yuzasidan sudga da’vo arizasi kiritildi.
Toshkent shahrining Olmazor tumanida fuqaro A.T.ning hovlisida yomg‘ir suvi to‘planishi va yer cho‘kishi haqidagi murojaati joyiga chiqib o‘rganildi. Keltirilgan vajlar tasdiqlanib, muammolarni bartaraf etish yuzasidan chora-tadbirlar belgilandi.
Fuqarolar murojaatlarini joyiga chiqib o‘rganish va qonuniy ta’sir choralarini ko‘rish orqali ularning buzilgan huquq va manfaatlarini tiklash ishlari davom ettirilmoqda.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati






