Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Surxondaryodagi yopiq muassasalarga monitoring: tibbiy ko‘rik hamda "Tenglik va hurmat" platformasi doirasida sayyor qabul tashkil etildi
2026-yilning 12-13-noyabr kunlari Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tomonidan Surxondaryo viloyatidagi harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan qator muassasalarga monitoring tashriflari amalga oshirildi. Ularda Ombudsman Devoni xodimlari bilan bir qatorda senator, viloyat deputati va jamoatchilik guruhi a’zolari ham ishtirok etdi.

Jumladan, viloyatdagi 9-sonli tergov hibsxonasi, Termiz shahar va Boysun tumani IIB Vaqtincha saqlash hibsxonalari, Ayollar reabilitatsiya qilish va moslashtirish Surxondaryo viloyati hududiy markazi, maxsus kabulxona, Sherobod tumanida joylashgan 41-sonli manzil-koloniyasi, Denov tumanidagi 2-son va Termiz tumanidagi Viloyat asab-ruhiy kasalliklari shifoxonalari, Termiz shahrida joylashgan mastlik holatida bo‘lgan fuqarolarga tibbiy yordam korsatish punkti (Hushyorxona) hamda Respublika ixtisoslashtirilgan Narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Surxondaryo filiallarida yaratilgan sharoitlar o‘rganildi.

Tashriflar davomida muassasalardagi yotoq joylari, tibbiyot bo‘limlari, yuvinish va sanitariya xonalari, oshxona, oziq-ovqat mahsulotlari hamda dori-darmon vositalari bilan ta’minlanganlik holati ko‘zdan kechirildi. Shuningdek, sayilgohlar, uchrashuv xonalari, advokatlar bilan muloqot qilish uchun ajratilgan joylar, videokuzatuv vositalari va muassasalarning qish mavsumiga tayyorgarlik holatiga ham alohida e’tibor qaratildi.

Tashriflar jarayonida muassasalarda o‘rnatilgan “Ombudsman quti”lari ko‘zdan kechirildi va saqlanayotgan shaxslar bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazildi. Kelib tushgan murojaatlar belgilangan tartibda nazoratga olindi, ayrim masalalar yuzasidan joyida huquqiy tushuntirishlar berildi.

Monitoring doirasida Surxondaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi bilan hamkorlikda 9-son tergov hibsxonasida saqlanayotgan shaxslar uchun chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik o‘tkazildi. Ko‘rikda 110 nafardan ortiq mahbuslar o‘ndan ortiq mutaxassislar tomonidan tekshirildi, laboratoriya tahlillari amalga oshirildi hamda salomatligining holatiga qarab tibbiy maslahat va tavsiyalar berildi.  

Bundan tashqari, tashriflar doirasida Ayollar reabilitatsiya markazida "Tenglik va hurmat" platformasi doirasida ayollar bilan ochiq muloqot va sayyor qabul tashkil etildi.

Markazda hozirda 27 nafar farzandlari bilan birga 10 nafar ayollar yashayotgan bo‘lib, “Huquqiy yordam avtobusi” tadbiri doirasida ularning murojaatlari o‘rganildi.

Uchrashuv davomida markazdagi ayollarga zo‘ravonlik qurbonlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha huquqiy maslahatlar berilib, mavjud imkoniyat va imtiyozlar mas’ullar tomonidan tushuntirildi. Shuningdek, muloqotda xotin-qizlar doimo davlat himoyasida ekanligi, faqatgina jabrlanuvchilarga e’tibor qaratish bilan cheklanmay, zo‘ravonlarni ham tartibga chaqirish hamda ular bilan ishlash zarurligi alohida ta’kidlandi.

Eslatib o‘tamiz, Ombudsman tomonidan qiynoqqa solish hollarining oldini olish bo‘yicha o‘tkazilgan monitoring tashriflari yakunlari asosida tayyorlangan tahliliy ma’lumotlar, jumladan, monitoring jarayonida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan mas’ul vazirlik va idoralarga Ombudsmanning tegishli ta’sir choralari kiritib boriladi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati