Davlatimiz rahbari ustoz va murabbiylar bilan uchrashuvda: “Ustozni e’zozlash – bir kasb egasini emas, butun bir millat kelajagini e’zozlash deganidir”, deya ta’kidladi. Bu so‘zlarda o‘qituvchi mehnatining jamiyat va davlat hayotidagi beqiyos o‘rni mujassam.
Inson huquqlari nuqtai nazaridan qaraganda ham, har bir bolaning sifatli ta’lim olish, o‘z qobiliyatini namoyon etish va munosib kelajak qurish huquqi, avvalo, maktabda, ustoz bilan muloqotda hayotiy mazmun kasb etadi. O‘qituvchi bolaga faqat bilim bermaydi — u uning shaxsiyatini hurmat qilishni, o‘z huquqi bilan birga boshqalarning huquqini ham qadrlashni, adolat va mas’uliyatni anglashni o‘rgatadi.
Bugun sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar bilim olish usullarini jadal o‘zgartirmoqda. Lekin Prezidentimiz ta’kidlaganidek, hech bir texnologiya bolaning qalbiga ustoz kabi yo‘l topib, unga Vatanga muhabbat va mas’uliyat tuyg‘usini singdira olmaydi. Chunki texnologiya bilimni yetkazishi mumkin, ammo bolaga ishonch berish, uning qalbida orzu uyg‘otish va inson bo‘lib kamol topishiga yo‘l ko‘rsatish — ustozning beqiyos vazifasidir.
Qadrli ustozlar!
Sizning mehnatingiz samarasi yillar o‘tib ko‘rinadi. Bir paytlar partangizda o‘tirgan bolaning yaxshi inson, yetuk mutaxassis, mas’uliyatli fuqaro bo‘lib kamol topishi — ustoz uchun eng katta e’tirofdir.
Barchangizga mustahkam sog‘liq, oilaviy xotirjamlik, sabr va kuch-g‘ayrat tilaymiz. Shogirdlaringizning yutuqlari, ota-onalarning minnatdorligi va el-yurt hurmati doimo sizga hamroh bo‘lsin.
Bayramingiz muborak bo‘lsin, aziz ustoz va murabbiylar!
Ombudsman jamoasi






