Qabullar Sirdaryo tumani Baxt shaharchasi, Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi, Xorazm viloyatining Yangiariq hamda Andijon viloyatining Shahrixon, Oltinko‘l va Asaka tumanlarida tashkil etilib, jami 31 ta mahalla aholisi qamrab olindi. Bunda, xususan, tuman markazlaridan olisda joylashgan mahallalar aholisining murojaatlarini joyida o‘rganishga e’tibor qaratildi.
Sayyor qabullarda ijtimoiy va moddiy yordam, uy-joy va bandlik, ichki yo‘llarni ta’mirlash, probatsiya hisobida turgan fuqarolarning masalalari, shuningdek, boshqa huquqiy masalalarga oid murojaatlar kelib tushdi.
Murojaatlarda ko‘tarilgan masalalarni joyida o‘rganish va imkon qadar tezkor hal etish maqsadida sayyor qabullarga tegishli davlat organlari va tashkilotlar vakillari ham jalb etildi. Fuqarolarning vajlari ular ishtirokida o‘rganilib, ayrim masalalar yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berildi, qo‘shimcha choralar talab etiladigan murojaatlar esa nazoratga olindi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati






